O‘zbekistondagi qator oliy ta’lim muassasalari 2026/2027-o‘quv yili uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super-kontrakt) miqdorlarini e’lon qildi. Ayrim OTMlarda yillik to‘lov 22 mln so‘m atrofida bo‘lsa, ba’zilarida 200 mln so‘mdan oshadi.

Hozircha eng yuqori super-kontrakt Toshkent davlat yuridik universitetida qayd etildi. OTMda kontrakt chegarasiga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun kunduzgi bakalavriatning super-kontrakti qariyb 270 mln so‘m etib belgilangan.

Universitetda uch yillik kechki ta’lim uchun yillik to‘lov 132,1 mln so‘m, kunduzgi magistratura uchun 122 mln so‘m, kechki magistratura uchun esa 97,6 mln so‘mni tashkil etadi.

Boshqa OTMlarda qancha?

Namangan davlat universitetida kunduzgi ta’lim uchun super-kontrakt 26,9 mln so‘mdan 122,6 mln so‘mgacha belgilangan. Davolash ishi, pediatriya va oliy hamshiralik ishi yo‘nalishlarida bu summa 114,1 mln so‘mni tashkil etadi. Kechki va masofaviy ta’limda narxlar 31,4 mln so‘mdan 128,5 mln so‘mgacha.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetida kunduzgi bakalavriat uchun kontrakt baliga 1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar bazaviy kontraktning 1,5 baravarini to‘laydi. Bu yo‘nalishlarga qarab 18,1 mln so‘mdan 24,7 mln so‘mgacha. 3,06–4,05 ball yetmaganlar uchun esa to‘lov 36,3 mln so‘mdan 49,6 mln so‘mgacha etib belgilangan. Masofaviy ta’limda super-kontrakt 23,1–59,4 mln so‘mni tashkil qiladi.

Namangan davlat pedagogika institutida super-kontrakt 22,9–31,9 mln so‘m etib belgilangan. Bu tartib kontrakt baliga 4,05 ballgacha yetmagan va kamida 56,7 ball to‘plagan abituriyentlarga taalluqli.

Toshkent kimyo-texnologiya universitetining Yangiyer filialida to‘lovlar 22,2–48,1 mln so‘m, Namangan davlat chet tillari institutida 22,9–47,2 mln so‘m miqdorida.

Andijon davlat pedagogika universitetida kunduzgi bakalavriat uchun super-kontrakt yo‘nalishga qarab 29,6–37 mln so‘m, kechki ta’lim uchun esa 34,5 mln so‘m etib belgilangan.

Andijon davlat chet tillari institutida super-kontrakt 29,6–47,2 mln so‘mni tashkil etadi.

Andijon davlat universiteti va Andijon davlat pedagogika institutida super-kontrakt bazaviy kontraktning 4–6 baravari miqdorida belgilangan. Andijon davlat universiteti vakillariga ko‘ra, bazaviy kontraktning yakuniy miqdori hali to‘liq tasdiqlanmagan. Shu bilan birga, super-kontraktning maksimal miqdori avvalgi 10 baravardan 8 baravarga, hozir esa 6 baravargacha kamaytirilgan.

Qolgan oliy ta’lim muassasalari hozircha 2026/2027-o‘quv yili uchun super-kontrakt narxlarini e’lon qilmagan.

Super-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibi

Amaldagi tartibga ko‘ra, super-kontrakt asosida o‘qishni istagan abituriyent birinchi o‘quv yili uchun belgilangan summaning kamida 50 foizini to‘lashi kerak. Shundan so‘ng oliygoh rektorining buyrug‘i bilan talabalikka qabul qilinadi.

Super-kontrakt asosida o‘qishga kirgan talaba birinchi o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunlasa, keyingi yillardan boshlab umumiy belgilangan tartibda kontrakt to‘lab o‘qishni davom ettiradi.

Hozir O‘zbekistonda 215 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularda jami 1,6 mln nafar talaba tahsil olmoqda.