O‘zbekistonda suv taqchilligi yil sayin dolzarb muammoga aylanib bormoqda. Qolaversa, yerosti suvlari kamayishi, iqlim o‘zgarishi va qo‘shni Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanali qurilishi tufayli vaziyat yanada keskin tus olmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib, O‘zbekistonda yiliga 7 milliard kub metr suv yetishmovchiligi kuzatiladi, bu ayni paytdagi hajmning 25 foizi deganidir. 2050-yilga borib esa mazkur ko‘rsatkich ikki barobar oshadi, ya’ni suv taqchilligi 15 milliard kub metrga yetadi. Tabiiyki, suv resurslarining tobora oshib borayotgan taqchilligi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin.

Aslida, O‘zbekiston suvdan foydalanish samaradorligini oshirishda katta zaxiralarga ega. Suvning asosiy iste’molchisi qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘lib, unda samarasiz hisoblanadigan an’anaviy «jo‘yakli» sug‘orish usuli hanuzgacha keng qo‘llanadi. Bundan tashqari, ekinlarni sug‘orishda foydalaniladigan suv resurslarining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i tabiiy qoplamali irrigatsiya tarmoqlarida yo‘qotiladi. Shu bois, samarali suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish va irrigatsiya tarmoqlarida suv isrof bo‘lishini keskin kamaytirish yaqin kelajakda kutilayotgan suv taqchilligi muammosining yagona yechimidir.

Asosiy muammolar: yerosti suvlari kamayishi, iqlim o‘zgarishi va Qo‘shtepa kanali

O‘zbekistonning yerusti suv resurslari tanqis hududlarida bog‘bonlar va sabzavot yetishtiruvchilar plantatsiyalarni sug‘orish uchun artezian gorizontlaridan, ya’ni 5-10 metrdan 200 metrgacha bo‘lgan chuqurlikdan suv olishadi. Artezian suvlari eng muhim foydali qazilmalar sirasiga kiradi va ushbu «oltin zaxira»dan ortiqcha foydalanish ichimlik suvi taqchilligiga olib kelishi aniq.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, mamlakatning yetti viloyatida yerosti suvlari sathi pasayishi kuzatilgan: Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining qator tumanlarida yerosti suvlari sathi 5 metrgacha pasaygan. Natijada, 2023 yilning sentabrida yerosti suvlari sathi pasayib borayotgan 23 tumanda quduqlarni burg‘ulashga nisbatan moratoriy joriy etildi.

Suv masalasida O‘zbekistonning transchegaraviy qaramlik darajasi juda yuqori – mamlakat suv resurslarining atigi 20 foizi o‘zimizda, qolgan katta qismi esa qo‘shni davlatlarda shaklllanadi. Mamlakat tashqarisidan kirib keladigan ikki asosiy daryo — Sirdaryo va Amudaryolarni suv bilan ta’minlovchi muzliklar qisqarishi ushbu daryolardagi suv hajmining kamayishiga olib kelmoqda. Zero, so‘nggi 50 yil ichida iqlim va antropogen o‘zgarishlar tufayli Sirdaryo va Amudaryodagi suv hajmi 20 foizga kamaydi.

O‘zbekiston transchegaraviy suv resurslariga yuqori darajada qaramligi bois, u qo‘shni mamlakatlarda suvdan foydalanish borasidagi o‘zgarishlarga nisbatan zaifdir. Amudaryoda suv hajmi kamayishi fonida qo‘shni Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Kanal qurib bitkazilgach, Amudaryo suvining salmoqli qismi Afg‘oniston shimolidagi tumanlarga yo‘naltiriladi. So‘nggi prognozlarga ko‘ra, Amudaryo havzasida O‘zbekistondagi suv hajmining umumiy qisqarishi Qo‘shtepa kanali va iqlim o‘zgarishi hisobiga 2028 yilda 19 foizgacha, 2030 yilda 29 foizgacha yetishi mumkin.

Mamlakat iqtisodiyotida iste’mol qilinadigan suv resurslarining 85-90 foizi qishloq xo‘jaligi sohasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Lekin sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining katta qismi an’anaviy va samarasiz hisoblanadigan «jo‘yakli» usulda sug‘oriladi. 2023 yakuni holatiga ko‘ra, jami sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining (sug‘oriladigan ekin yerlari va mevali/rezavor bog‘lar nazarda tutilgan; tomorqa yerlari va boshqa turdagi sug‘oriladigan yerlar bundan mustasno) atigi 15 foizida zamonaviy va samarali suv tejovchi texnologiyalari – tomchilatib sug‘orish va yomg‘irlatib sug‘orish joriy qilingan. Bundan tashqari, tabiiy qoplamali irrigatsiya tarmoqlarida har yili 14 milliard kub metr yoki 36 foiz suv hech bir iqtisodiy foydasiz boy beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakat qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligi hozircha ancha past darajada qolmoqda. Va bu respublikada suv taqchilligi muammosini suvdan foydalanish samaradorligini keskin oshirish hisobiga hal etish uchun katta zaxiralar yoki imkoniyatlar mavjudligidan dalolatdir.

Suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish rejimiga o‘tish

O‘zbekistonda suv taqchilligi xavfi sabab, so‘nggi yillarda mamlakat hukumati yaqin kelajakda kutilayotgan suv inqirozini bartaraf etish bo‘yicha faol chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Mamlakat Prezidenti 2023 yilning noyabr oyi oxirida «2024 yil — suvni tejash maqsadida favqulodda ish tizimiga o‘tish davri bo‘lishi»ni ta’kidlagan edi.

Bunda irrigatsiya tarmoqlarida suv isrofini kamaytirish uchun kanal va ariqlarni betonlash muhim vazifa sifatida belgilandi. Mamlakat suv xo‘jaligi sohasida 2024-yil – «kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil» deb e’lon qilindi. Bir yildan so‘ng, ya’ni, 2024 yil noyabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda 550 kilometrlik ariq va kanallarni betonlash orqali yiliga 450 million kub metr suv tejalishi qayd etildi.

Fermerlar va klasterlar ham 13 ming kilometr ichki tarmoqlarni betonlashtirdi. Yaqin kelajakda bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalardan biri sifatida 18 ming kilometr magistral va 94 ming kilometr ichki kanallarni betonlashtirish belgilandi, bu esa yiliga milliardlab kubometr suv tejalishiga imkon beradi.

Ikkinchi muhim vazifa sifatida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish belgilangan. So‘nggi yillarda fermer/dehqon xo‘jaliklarining an’anaviy «jo‘yakli» sug‘orishdan tomchilatib sug‘orish usuliga o‘tishini rag‘batlantirish maqsadida davlat tomonidan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlash choralari belgilangan. Ushbu chora-tadbirlar subsidiya (tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash)lar, imtiyozli kreditlar va soliq imtiyozlarini o‘z ichiga oladi. Jumladan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab, intensiv mevali bog‘ va uzumzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilgani uchun subsidiya miqdori 2 barobar oshirildi — 1 gektar uchun 16 million so‘mgacha belgilandi. Subsidiya miqdorining keskin oshirilishi suv ta’minoti muammosiz bo‘lgan hududlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini bog‘dorchilik sohasiga tatbiq qilishda yaxshigina rag‘bat bo‘ladi.

Suv qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirishning muhim omillaridan biri bo‘lib, suv resurslari qisqarishi sharoitida ushbu omil muhim iqtisodiy resursga aylanadi. Suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatishni rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli davlat qo‘llab-quvvatlovi bilan bir qatorda ushbu iqtisodiy resursning narxi ham katta ahamiyatga ega. Ayni paytda sug‘orishda foydalaniladigan suv solig‘i 1 metr kubi uchun 100 so‘m etib belgilangan. Ammo bu mazkur resurs kamayib borayotgani sharoitida undan foydalanish uchun ancha past qiymat. 

Ma’lumki, muayyan iqtisodiy resursning arzonligi ishlab chiqaruvchida ushbu resursni tejashga rag‘bat uyg‘otmaydi. Boshqacha aytganda, ishlab chiqaruvchi uchun arzon resursni tejashdan ma’no yo‘q. Shu bois, suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirish bilan bir qatorda, sug‘orishda foydalaniladigan suvning qiymati (yoki suv solig‘i) shunday bo‘lishi kerakki, agrobiznes nuqtayi nazaridan uni tejash uchun to‘laqonli asos bo‘la olishi kerak.