O‘zbekistonda hisob-kitoblarda steyblkoinlardan foydalanish, shuningdek, fond bozoridagi aktivlarni tokenizatsiya qilish bo‘yicha sinov loyihalari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil 10-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda ushbu yo‘nalishda topshiriqlar berilgan.
Xususan, Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga Markaziy bank bilan hamkorlikda hisob-kitoblarda to‘lov vositasi sifatida steyblkoinlardan foydalanish amaliyotini sinovdan o‘tkazish, shuningdek, kapital bozorida qimmatli qog‘ozlarni tokenizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
Vyacheslav Pakning ta’kidlashicha, agentlik mutaxassislari Markaziy bank va boshqa manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan birgalikda davlat rahbari tomonidan belgilangan topshiriqlarni bajarishga safarbar etiladi.
Mazkur tashabbuslar moliya bozorida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va innovatsion mexanizmlarni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.