O‘zbekistonda istiqbolli boshqaruv kadrlarini aniqlash va tayyorlash maqsadida Top-100 ochiq tanlovini joriy etish hamda 2030-yilgacha 1,5 ming nafar yangi avlod rahbarlari zaxirasini shakllantirish rejalashtirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, sun’iy intellekt yordamida iqtisodiyotning drayver yo‘nalishlari tahlil qilinib, 50 dan ortiq zamonaviy kasb bo‘yicha boshqaruv kadrlariga ehtiyoj mavjudligi aniqlangan. Xususan, energetika, “yashil” texnologiyalar, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, raqamlashtirish hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida malakali mutaxassislarga talab yuqori ekani qayd etilgan.

Yangi tizimga muvofiq, nomzodlar 100 ballik mezon asosida baholanadi. Bunda ularning bilim darajasi, kasbiy tajribasi, psixologik xususiyatlari, strategik fikrlashi va liderlik salohiyati portfolio tizimi orqali tahlil qilinadi. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida har bir nomzod uchun individual kasbiy rivojlanish rejasi ishlab chiqiladi.

Tizim dastlab qishloq xo‘jaligi, oliy ta’lim va qurilish sohalarida sinov tariqasida joriy etilishi taklif qilinmoqda. Rejaga ko‘ra, har ikki yilda 500 nafardan istiqbolli boshqaruvchi saralanadi va 2030-yilgacha 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat milliy rahbar kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.

Top-100 tanlovi agrar soha, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, sud-huquq, ta’lim, axborot texnologiyalari hamda sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Nomzodlar test sinovlari, kompleks baholash va suhbat bosqichlaridan o‘tadi. G‘oliblar maxsus o‘quv dasturlarida tayyorlanib, milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.