O‘zbekistonda 2025-yilda ijara shartnomalari asosida 1,1 trillion so‘m soliq hisoblandi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, soliq organlarida 685 mingdan ortiq ijara shartnomalari hisobga qo‘yilgan bo‘lib, 1,1 trillion so‘mdan ziyod soliq hisoblandi.

Bunda jismoniy shaxslar o‘rtasida 479,6 mingta shartnoma tuzilgan va o‘tgan yilga qaraganda 9,4 foiz o‘sish kuzatilgan. Ular asosida 870,1 milliard so‘m daromad solig‘i hisoblanib, summa 58,7 foizga oshgan.

Yuridik shaxslar o‘rtasida esa 206,1 mingta ijara shartnomasi asosida 307 milliard so‘m soliq hisoblanib, 2024-yilga nisbatan shartnomalar sonida 22,9 foiz va hisoblangan soliq summasida 22,3 foizga o‘sish bo‘lgan.

O‘tgan yil davomida talabalarga uyini ijaraga berganlar daromad solig‘idan 64,3 milliard so‘m imtiyoz oldi.

Talabalar bilan 123,6 mingdan ortiq turar joy ijara shartnomasi tuzilgan bo‘lib, shunday ijarachilar soni 143 711 nafarni tashkil etdi.