O‘zbekistonda shikastlangan yurak klapanini to‘liq almashtirish o‘rniga uni rekonstruksiya qilib saqlab qolishga yordam beruvchi mahalliy implant yaratildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish agentligi xabar berdi.

Bnm

“Flexible BAND” deb nomlangan implant yurak klapani atrofidagi halqani mustahkamlab, uning faoliyatini tiklashga yordam beradi. Shu orqali ayrim holatlarda shikastlangan klapanni protezga almashtirish o‘rniga bemorning o‘z klapanini saqlab qolish va jarrohlik yo‘li bilan tiklash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Mahsulot akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markazi katta ilmiy xodimi Feruz Turayev boshchiligidagi ilmiy jamoa tomonidan ishlab chiqilgan.

Implantning dastlabki partiyasi ishlab chiqarilib, klinik amaliyotga joriy etilgan. Hozirgacha ushbu texnologiya yordamida 100 dan ortiq bemorda yurak klapanini saqlab qolishga qaratilgan rekonstruktiv operatsiyalar o‘tkazilgan.

Texnologiya Andijon, Farg‘ona, Jizzax va Xorazm viloyatlaridagi kardiologiya markazlarida ham qo‘llanmoqda.

Xorijiy analoglardan 3–5 baravar arzon

Loyiha rahbari Feruz Turayevning ta’kidlashicha, ilgari bunday operatsiyalarda ishlatiladigan tayanch halqalar va implantlarning aksariyati AQSH hamda Rossiyadan olib kelingan.

“Flexible BAND” xorijiy analoglardan arzonligi va O‘zbekistondagi tibbiy amaliyot sharoitlariga moslashtirilgani bilan farq qiladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mahalliy implantdan foydalanish xorijiy protez va halqalarni xarid qilishga sarflanadigan mablag‘larni 3–5 barobarga kamaytirish imkonini bergan.

Loyiha doirasida mitral klapan plastikasida sun’iy qon aylanishini amalga oshirish protokoli ham takomillashtirilgan. Shuningdek, operatsiya vaqtida anesteziologik yondashuvlarni optimallashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.