O‘zbekistondagi sakkizta tibbiyot oliy ta’lim yo‘nalishlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida joriy yilda uchta oliy ta’lim muassasasi negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etilgan, shuningdek, Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti nufuzli THE reytingiga kirgan O‘zbekistondagi ilk tibbiyot oliygohi sifatida e’tirof etilgan.
Buxoro davlat tibbiyot instituti Webster universiteti bilan 3+1 tizimida “Oliy hamshiralik ishi” bo‘yicha, Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti esa BAAning Gulf universiteti bilan 3+3 tizimida qo‘shma dasturlarni joriy etgan.
Shuningdek, AQShning Franklin universiteti bilan hamshiralik yo‘nalishida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, Germaniya tajribasi asosida “Hamshiralik ishi” bo‘yicha xalqaro ta’lim dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlangan.
Yil boshidan buyon 300 ga yaqin tibbiyot mutaxassisi AQSh, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Ozarbayjon va Belarusda malaka oshirib qaytgan.