Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar—noyabr oylarida 37,2 ming nafar chet el fuqarosi o‘qish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 54,3 foizga ko‘p.
Joriy yilning 11 oyida O‘zbekistonga eng ko‘p talaba yuborgan davlatlar ro‘yxatida Hindiston yetakchilik qilmoqda — 16,3 ming nafar. Undan keyingi o‘rinlarda Turkmaniston (8,9 ming) va Tojikiston (2,7 ming) qayd etilgan. Shuningdek, Pokiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Qirg‘iz Respublikasi, Misr, Filippin va AQSH ham TOP–10 davlatlar qatoridan joy olgan.
Shu bilan birga, Turkiya, Afg‘oniston, Iordaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Eron, Qozog‘iston, Bangladesh va Italiya fuqarolari ham O‘zbekistonga o‘qish uchun kelgan TOP–20 davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Avvalroq O‘zbekiston Janubiy Koreyadagi xorijiy talabalar soni o‘sishiga eng katta hissa qo‘shgan davlatlardan biri ekani ma’lum qilingandi. 2024-yilning birinchi yarmida Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 5 ming nafarga yetib, rekord ko‘rsatkich qayd etilgan.