2025-yilda O‘zbekistonga ta’lim olish maqsadida kelgan chet el fuqarolari orasida Hindiston fuqarolari eng ko‘pni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilda jami 39,7 ming nafar xorijiy fuqaro o‘qish uchun mamlakatga kelgan. Ushbu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 58,2 foizga oshgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ta’lim olish uchun O‘zbekistonga eng ko‘p Hindistondan kelganlar bo‘lib, ularning soni 17 ming 241 nafarga yetgan. Ikkinchi o‘rinda Turkmaniston (9 ming 349 nafar), undan keyingi o‘rinlarda Tojikiston (2 ming 904 nafar), Pokiston (1 ming 779 nafar) va Xitoy (1 ming 428 nafar) qayd etilgan.
Shuningdek, Janubiy Koreyadan 917 nafar, Qirg‘iz Respublikasidan 912 nafar, Misrdan 893 nafar, Filippindan 745 nafar va AQSHdan 482 nafar fuqaro O‘zbekistonga o‘qish uchun kelgan.
Boshqa davlatlardan kelgan talabalar soni esa 3 ming 11 nafarni tashkil etgan.