Seul shahrida “HY & Paldo” kompaniyalari guruhi asoschisi Yun Dok Byon tomonidan ta’sis etilgan “Woodok Yoon Deokbyeong” jamg‘armasining xalqaro stipendiyalarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchisi Alisher Abdusalomov, diplomatik korpus vakillari, jamg‘arma rahbariyati hamda boshqa mehmonlar ishtirok etdi. Marosim doirasida Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan 10 nafar o‘zbekistonlik talabaga har yili 3 million von (taxminan 2100 dollar) miqdorida stipendiya topshirildi.
2010-yilda tashkil etilgan “Woodok Yoon Deokbyeong” jamg‘armasi 16 yildan beri ta’lim va ilmiy dasturlar orqali iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. U hozirgacha 1,5 mingdan ortiq talabalarga turli stipendiyalar ajratgan.
Jamg‘arma 2023-yildan boshlab xalqaro stipendiyalarni ham ta’sis etib, Janubiy Koreyada o‘qiyotgan xorijlik, jumladan, o‘zbekistonlik talabalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ma’lumot o‘rnida, “HY & Paldo” — Janubiy Koreyaning yetakchi oziq-ovqat kompaniyalaridan biri bo‘lib, Paldo brendi ostida turli ichimliklar, sut mahsulotlari va tez tayyorlanadigan ugrami ishlab chiqaradi hamda eksport qiladi. Kompaniyaning Toshkentdagi vakolatxonasi 2025-yilda ochilgan bo‘lib, O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etish va hamkorlikni kengaytirish ustida faoliyat yuritmoqda.