Migratsiya agentligi hamda Yaponiyaning Onodera User Run kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolari uchun parvarishlash yo‘nalishida Yaponiyada ishlash dasturini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, dastur doirasida ishtirokchilar Toshkent shahrida tashkil etiladigan 6 oylik o‘quv kurslarida bepul grant asosida tahsil oladi.
Dasturga 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan ayol-qizlar qabul qilinadi. Hamshiralik sohasi vakillariga ustunlik berilishi aytilgan.
Dastur doirasida yapon tilini noldan o‘rgatish, yashash joyi bilan ta’minlash, viza xizmatlari hamda Yaponiyada ishga joylashtirish xarajatlari bepul bo‘lishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, Yaponiyaga borgach, ishtirokchilarga xizmat uyi ajratilishi, ijara haqining bir qismi kompaniya tomonidan qoplanishi bildirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, boshlang‘ich oylik maosh 1600–1700 dollarni tashkil qiladi. Belgilangan ish vaqtidan tashqari ishlangan soatlar uchun qo‘shimcha haq to‘lanadi.
O‘quv kurslari 2026-yil 1-iyundan boshlanadi.
Avvalroq Yaponiyada o‘zbekistonliklar uchun kamida 2 ming dollar maoshli ish o‘rinlari taklif qilinishi ma’lum qilingandi. Mamlakat kompaniyalari logistika, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun o‘zbekistonlik kadrlarni tayyorlash va ishga jalb qilish rejalari borligini bildirgan.