O‘zbekistonlik shifokorlar Italiyaning Sardiniya hududidagi tibbiyot muassasalarida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Migratsiya agentligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Ba

Agentlik xabariga ko‘ra, Italiya tomoni har yili 150 nafargacha shifokorni ishga qabul qilishni rejalashtirmoqda. Dastur doirasida pediatr, nevrolog, diabetolog, pulmonolog, gastroenterolog, shoshilinch tibbiy yordam shifokori va boshqa yo‘nalishlardagi mutaxassislar saralab olinadi.

Nomzodlar uchun Perugia universiteti hamkorligida italyan tili kurslari tashkil etiladi. Yetti oy davom etadigan onlayn ta’lim xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan qoplanadi.

Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan mutaxassislar Sardiniyadagi tibbiyot muassasalariga ishga joylashtiriladi. Boshlang‘ich oylik maosh 3,5 ming yevrogacha yetishi mumkin.

Shuningdek, qo‘shimcha ish soatlari va tungi navbatchiliklar uchun to‘lanadigan ustamalar hisobiga shifokorlarning oylik daromadi 4–5 ming yevrogacha oshishi mumkin. Ish haftasi 38 soatdan iborat bo‘ladi.

Dastur ishtirokchilari turar joy bilan ta’minlanadi, tushlik xarajatlari qoplanadi hamda tibbiy sug‘urta rasmiylashtiriladi.

Nomzodlardan oliy tibbiy ma’lumot talab etiladi. Ish tajribasi majburiy bo‘lmasa-da, tajribali mutaxassislarga ustunlik beriladi. Shuningdek, 50 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar qabul qilinadi, 40 yoshgacha bo‘lganlarga esa ustuvorlik beriladi.

Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, nomzodlar xorijda ishlash platformasi orqali yuborilgan rezyumelar asosida saralab olinadi.