O‘zbekistonlik talabalar va bitiruvchilar Kuvaytdagi Courtyard by Marriott mehmonxonasida amaliyot o‘tashi, keyinchalik esa ishga joylashishi mumkin. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Za

Bu masala O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatning Kuvaytdagi elchixonasi, Migratsiya agentligi, Kasb-hunar ta’limi agentligi hamda Marriott International tarmog‘iga kiruvchi Courtyard by Marriott mehmonxonasi vakillari o‘rtasidagi onlayn uchrashuvda muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar hamda bitiruvchilarni mehmonxonada amaliyotga jalb qilish va keyinchalik ishga qabul qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Mehmonxona vakillarining ma’lum qilishicha, nomzodlarni tanlashda turizm va texnik yo‘nalishlardagi kasbiy tayyorgarlik hamda ingliz tilini bilish darajasiga e’tibor qaratiladi.

Ishga qabul qilingan xodimlarga turar joy, uch mahal ovqat, transport va tibbiy sug‘urta taqdim etilishi rejalashtirilgan. Mehnat shartnomalarini bir yil muddatga tuzish ko‘zda tutilmoqda.

Hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini tayyorlashga kelishib oldi. Mehmonxona mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va mehnatga haq to‘lash shartlari haqida ma’lumot taqdim etadi.

Shundan so‘ng Migratsiya agentligi ish izlayotgan nomzodlarni dastlabki saralashdan o‘tkazadi.

Tomonlar memorandum loyihasini tayyorlash va kelishish, bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxatini shakllantirish hamda keyingi bosqichda nomzodlarni tanlashni boshlash bo‘yicha kelishib oldi.