O‘zbekiston fuqarolari Swedish Institute Scholarships for Global Professionals (SISGP) dasturi doirasida Shvetsiyaning nufuzli universitetlarida magistratura bosqichida bepul ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Sfd

Qayd etilishicha, O‘zbekiston mazkur stipendiya dasturida ishtirok etuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan. Nomzodlar grant asosida o‘qish uchun 2026-yil 15-yanvarga qadar magistratura dasturlariga hujjat topshirishlari lozim.

SISGP dasturi rivojlanayotgan mamlakatlardan bo‘lgan, barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishni maqsad qilgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Dastur doirasida Shvetsiyaning 29 ta yetakchi oliy ta’lim muassasasida ingliz tilida o‘qitiladigan magistratura dasturlari mavjud. Ular orasida KTH, Lund University, Uppsala University, Karolinska Institute, Chalmers University kabi universitetlar bor.

O‘zbekiston fuqarolari davlat boshqaruvi, tibbiyot, tadbirkorlik va innovatsiyalar hamda STEM yo‘nalishlari bo‘yicha hujjat topshirishi mumkin.

Tanlov qoidalariga ko‘ra, o‘qish dasturini tanlash nomzod ixtiyorida bo‘lib, barqaror rivojlanish ustuvor yo‘nalishlariga mos hamda olingan bilimlarni O‘zbekistonda amaliy qo‘llash imkoniyati asoslab berilgan arizalarga ustunlik beriladi.

Ariza topshirish jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab magistratura dasturlari bo‘yicha hujjatlar universitetlarga markazlashgan platforma orqali 2026-yil 15-yanvargacha topshiriladi. Shundan so‘ng Shvetsiya instituti stipendiyasi uchun arizalar 2026-yil 9–25-fevral kunlari qabul qilinadi.

Nomzodlardan kamida bakalavr darajasiga ega bo‘lish, ingliz tilini belgilangan darajada bilish, tanlangan yo‘nalish bo‘yicha kamida bir yillik ish tajribasi hamda motivatsion hujjatlar talab etiladi.

Ma’lumot uchun, Shvetsiya instituti Shvetsiyaning davlat tashkiloti bo‘lib, ta’lim, fan, madaniyat va barqaror rivojlanish sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.