Markaziy bank 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha aholining iste’mol kayfiyatini aks ettiruvchi navbatdagi sharhini e’lon qildi. Tahlilda fuqarolarning daromadlari, xarajatlari, kredit olish rejalari va jamg‘arishga bo‘lgan munosabati o‘rganilgan.

Aholining aksariyati daromadi oshishiga ishonmoqda

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 68 foizi yaqin kelajakda daromadlari ortishini kutayotganini bildirgan. Yana 25 foiz ishtirokchi daromadlari hozirgi darajada saqlanib qolishini taxmin qilgan bo‘lsa, 7 foizi daromadi kamayishi mumkinligini qayd etgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, respondentlarning 66 foizi asosiy daromad manbai sifatida rasmiy ish haqini ko‘rsatgan. Shu bilan birga, tomorqachilik, tadbirkorlik, savdo, kunlik daromadli ishlar, mulk ijarasi va pul o‘tkazmalari hisobidan daromad oluvchilar ulushi biroz oshgan.

Xarajatlar oshishi kutilmoqda

So‘rov ishtirokchilarining 77 foizi kelgusida xarajatlari ko‘payishini bildirgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagi 78 foizlik natijaga yaqin bo‘lib qolmoqda.

Tahlilga ko‘ra, barcha daromad guruhlarida uy-joy ta’miri asosiy xarajat yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Ta’lim va davolanish uchun sarf-xarajatlar ham yuqori ulushni tashkil etgan.

Nisbatan past daromadli qatlamlar mablag‘larini asosan uy-joy ta’miri, ta’lim va kundalik ehtiyojlarga yo‘naltirishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, o‘rta daromadli guruhlar ta’lim, sayohat, avtomobil va to‘y xarajatlariga ko‘proq mablag‘ ajratishni ko‘zlamoqda. Yuqori daromadli respondentlar esa sayohat, uy-joy va avtomobil xaridlarini ustuvor deb hisoblagan.

30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida ta’lim, uy-joy ta’miri, sayohat, to‘y va avtomobil xarajatlariga talab yuqoriligi qayd etilgan.

Kredit olish istagi ortmoqda

Sharhga ko‘ra, respondentlarning 56 foizi kelgusida kredit olish ehtiyoji borligini bildirgan. Bu avvalgi chorakka nisbatan 2 foiz bandga ko‘p.

Kredit mablag‘larini asosan uy-joy ta’miri, ta’lim, to‘y, avtomobil xaridi va davolanish xarajatlariga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.

Markaziy bank tahliliga ko‘ra, oyiga 7 million so‘mgacha daromad oluvchi qatlamlarda kreditga talab ortishi mumkin. Aksincha, 10–15 million so‘m va undan yuqori daromadli guruhlarda kreditga ehtiyoj pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Jamg‘arishga moyillik kuchaymoqda

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 40,1 foizi umuman jamg‘arma qilmasligini bildirgan. Jamg‘arma qilayotgan fuqarolarning esa 65,8 foizi kelgusida jamg‘armalari hajmi ortishini kutayotganini qayd etgan.

Jamg‘armalari o‘zgarmasligini kutayotganlar ulushi 22,3 foizni, kamayishini taxmin qilayotganlar ulushi esa 11,9 foizni tashkil etgan.

Markaziy bank aholining jamg‘arish xulq-atvorida ijobiy o‘zgarishlar davom etayotganini ta’kidladi. Regulyator bunga bank omonatlaridagi o‘sish ham dalil bo‘layotganini qayd etdi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida banklardagi milliy valyutadagi muddatli omonatlar qoldig‘i o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31,1 foizga oshgan.

Tahlil yakunida qayd etilishicha, respondentlarning 58 foizi joriy yilning dastlabki uch oyida o‘z moliyaviy holatida ijobiy o‘zgarishlarni sezgan. Markaziy bank buni aholining moliyaviy imkoniyatlari va jamg‘arishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani bilan izohladi.