Shavkat Mirziyoyev kosmosga sun’iy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda qayd etilishicha, bugungi kunda global raqobat yangi bosqichga chiqib, davlatlarning iqtisodiy qudrati tabiiy resurslar bilan emas, balki intellektual salohiyat va ilg‘or texnologiyalar bilan belgilanmoqda. Shu jihatdan kosmik texnologiyalar strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri sifatida baholanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda kosmik ma’lumotlardan foydalanish nisbatan yaqinda boshlanganiga qaramay, qisqa muddatda sezilarli natijalarga erishilgan. Davlat kosmik monitoringi tizimi ishga tushirilib, u hozirda proaktiv rejimda faoliyat yuritmoqda. So‘nggi besh yil ichida masofadan zondlash ma’lumotlariga bo‘lgan talab uch baravar oshgan, hozirda ushbu ma’lumotlardan 10 dan ortiq davlat idoralari va barcha hokimliklar foydalanmoqda.
Davlat rahbari kosmik ma’lumotlar orqali “ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan” iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlash va ularni real daromad manbaiga aylantirish mumkinligini ta’kidladi. Bu esa davlat resurslarini boshqarish tizimi va yondashuvi tubdan o‘zgarayotganidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizimni shakllantirish — sun’iy yo‘ldoshlarni boshqarish, ma’lumotlarni qayta ishlash va ularni amaliyotga tatbiq etish infratuzilmasini yaratish muhim ekani qayd etildi. Bu mamlakatning suveren va obyektiv axborot manbalariga ega bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Taqdimotda ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshni yaratish loyihasi muhokama qilindi. Loyiha doirasida mutaxassislar va muhandislik jamoasini tayyorlash, shuningdek, 2028-yilda “Mirzo Ulug‘bek” nomli 6U formatdagi ilmiy sun’iy yo‘ldoshni orbitaga chiqarish taklif qilindi.
Bundan tashqari, davlat rahbari tashabbusi bilan birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash va uni fazoga uchirish strategik vazifa sifatida belgilandi. Ta’kidlanishicha, bu tashabbus ramziy qadam emas, balki mamlakat ilmiy salohiyati, yoshlar orzusi va milliy g‘ururning ifodasi bo‘ladi.
Milliy fazogirni 10–14 kunlik qisqa muddatli parvozga tayyorlash, shuningdek, bunday parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Kosmonavtning fazodagi faoliyati aniq ilmiy dastur bilan bog‘liq bo‘lishi zarurligi alohida qayd etildi.
Fazoda olib borilishi mumkin bo‘lgan tadqiqotlar qatorida tibbiyot va biologiya, o‘simliklar genetikasi hamda materialshunoslik yo‘nalishlari taklif qilindi. Bu tadqiqotlar yangi texnologiyalar, ilmiy ishlanmalar va innovatsion loyihalarga zamin yaratishi kutilmoqda.
Shuningdek, 2028-yilda Samarqand shahrida kosmos bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazish masalasi ham muhokama qilindi. Unda AQSH, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi kosmik tashkilotlari ishtirok etishi mumkinligi bildirildi.
Taqdimot yakunida prezident sun’iy yo‘ldoshlar loyihalari va milliy fazogirni tayyorlash bo‘yicha hisob-kitob hamda amaliy takliflarni puxta ishlab chiqish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.