Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) PISA 2025 xalqaro baholash dasturi natijalarini e’lon qildi. O‘zbekiston tadqiqotda ikkinchi marta qatnashib, qator ko‘rsatkichlarda sezilarli o‘sishni qayd etdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, xalqaro tashkilot tomonidan tasodifiy tanlab olingan 233 ta maktabning 8 652 nafar 15 yoshli o‘quvchisi tadqiqotda ishtirok etgan.

Tabiiy fanlardan 83 ball o‘sish qayd etildi

PISA 2025 tadqiqotining asosiy yo‘nalishi tabiiy fanlar savodxonligi bo‘ldi. O‘zbekiston o‘quvchilari ushbu yo‘nalishda 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egalladi.

Taqqoslash uchun, PISA 2022 tadqiqotida O‘zbekistonning tabiiy fanlar bo‘yicha natijasi 355 ball va 80-o‘rin bo‘lgan. Shu tariqa, 2025-yilda o‘rtacha natija qariyb 83 ballga oshgan.

Shuningdek, “Raqamli dunyoda o‘rganish” yo‘nalishida O‘zbekiston o‘quvchilari 402,4 ball bilan 72-o‘rinni egallagan.

Matematika va o‘qish savodxonligi bo‘yicha natijalar yuzasidan qo‘shimcha tahlillar olib borilmoqda.

Bazaviy darajaga yetgan o‘quvchilar ulushi oshdi

PISA 2025da 2-daraja bazaviy daraja hisoblanadi. Bu o‘quvchining kundalik hayotda zarur bo‘ladigan asosiy bilim va ko‘nikmalarni qo‘llay olishini anglatadi.

2022-yilda bazaviy daraja va undan yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar ulushi 19 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 65 foizga yetgan. Bu 46 foiz punktlik o‘sishni anglatadi.

PISA — OECD tomonidan o‘tkaziladigan xalqaro baholash dasturi bo‘lib, unda 15 yoshli o‘quvchilarning maktabda olgan bilim va ko‘nikmalarini real hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olish qobiliyati baholanadi. Tadqiqot har uch yilda bir marta o‘tkaziladi.