“Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida Nazariy fizika instituti tashkil etiladi. Institut faoliyatining asosiy vazifalari sifatida nazariy fizikaning kvant maydon nazariyasi, subatom fizika, nochiziqli fizika, gravitatsion maydon nazariyasi, kvant tarmoqlar hamda dinamik tizimlar yo‘nalishlarida ilmiy anjumanlar tashkil etish belgilandi.

Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarida iqtidorli talabalar va magistrantlarni ilmiy faoliyatga jalb etish orqali yuqori salohiyatli yosh nazariyotchi fiziklarni tayyorlashda ko‘maklashish hamda fizika sohasida rivojlangan mamlakatlarda olib borilayotgan tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar tayyorlash institutning muhim vazifalari etib belgilandi.

Qarorga ko‘ra, institutga boshqa ilmiy tashkilotlar, jamg‘armalar va ta’lim muassasalari, jumladan, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun shartnomalar tuzish, shuningdek, ilmiy faoliyat uchun zarur bo‘lgan axborotlar, statistik va tahliliy ma’lumotlarni davlat organlari hamda tashkilotlaridan so‘rash va bepul olish huquqi beriladi.