O‘zbekistonda oliy malaka toifasiga ega pedagoglar uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olishga arizalar 20-aprel kuni soat 14:00 dan boshlab qabul qilinadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, subsidiya hukumatning 19-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq ajratiladi. Unga ko‘ra, ipoteka krediti uchun boshlang‘ich badalning 25 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Talablar
Subsidiya olish uchun ariza beruvchi quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:
- barcha ijtimoiy talablarga mos bo‘lishi;
- kamida 15 yil pedagogik ish stajiga ega bo‘lishi;
- oliy malaka toifasi yoki bosh o‘qituvchi lavozimiga ega bo‘lishi;
- o‘zining va turmush o‘rtog‘ining nomida ikki va undan ortiq turar joy bo‘lmasligi;
- kamida bitta tijorat banki talablariga mos keladigan ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lishi.
Qanday ariza beriladi?
Arizalar quyidagi usullar orqali topshiriladi:
- Davlat xizmatlari markazlari orqali;
- MyGov mobil ilovasi;
- my.gov.uz portali orqali.
Ariza topshirishda OneID tizimi orqali tijorat banklariga kredit tarixini tekshirish uchun ruxsat berilgan bo‘lishi zarur. Aks holda ariza rad etilishi mumkin.
Qaysi banklar ishtirok etadi?
Dasturda qator tijorat banklari ishtirok etadi, jumladan: Agrobank, Aloqabank, Asakabank, Hamkorbank, Ipotekabank, Xalq banki, O‘zmilliybank va boshqalar.
Qo‘shimcha shartlar
- Subsidiya bir oilaga (er yoki xotindan biriga) faqat bir marta beriladi;
- faqat birlamchi uy-joy bozorida amal qiladi;
- 2026-yilda ushbu dastur uchun davlat byudjetidan 200 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.