Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib Muhammad Mudassir Tipu tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.

Bnv

Tashqi ishlar vaziri yangi elchidan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, Strategik hamkorlik kengashi doirasidagi mexanizmlarni faollashtirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish hamda hududlararo aloqalarni rivojlantirishni ham ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etdi.

Baxtiyor Saidov Muhammad Mudassir Tipuga O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyat tilab, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish yo‘lida yaqin va samarali sheriklik qilishga tayyorligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, bunga qadar Pokistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimida Ahmad Faruq faoliyat yuritgan. Undan avval esa Sayyid Ali Asad G‘iloniy 2023-yilda mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlagan.