O‘zbekistonda ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish va fuqarolarni sun’iy ravishda reyestrdan chiqarish holatlari qat’iy nazoratga olinadi. Bu haqda 16-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Jkm

Yig‘ilishda mahallalarda ijtimoiy yordamlarni manzilli yetkazish va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Davlat rahbari ayrim hududlarda ijtimoiy reyestr bilan bog‘liq jiddiy muammolar saqlanib qolayotganini tanqid qildi.

Qayd etilishicha, 184 ta mahallada bir oy davomida kelib tushgan 2 mingta arizaning barchasi asossiz ravishda rad etilgan. Bunday holatlar, ayniqsa, Bo‘ston, Oltinko‘l, Xovos, Toshloq, Sharof Rashidov, Uchquduq va Dehqonobod tumanlarida ko‘p uchrayotgani ta’kidlandi.

Natijada ehtiyojmand oilalar ijtimoiy yordam olish, farzandlarini bog‘cha va to‘garaklarga joylashtirish kabi kafolatlangan xizmatlardan foydalana olmayotgani qayd etildi. Shu sababli ijtimoiy reyestrga kiritish masalasi bo‘yicha prezidentga yuborilgan murojaatlar soni yil boshidan buyon 1,5 barobarga oshib, 30 mingdan 46 mingtaga yetgan.

Yig‘ilishda Bosh prokuraturaga ijtimoiy reyestrning to‘g‘ri yuritilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi. Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva reyestrning haqqoniy yuritilishi yuzasidan prezidentga muntazam axborot berib boradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2026-yil 1-fevraldan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va “Kambag‘al oilalar reyestri” negizida yangi ijtimoiy reyestr tizimi joriy etilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, davlat ta’minotidagi oilalarga oila a’zolarining bandlik holatidan qat’i nazar bolalar nafaqasi va moddiy yordam uzluksiz to‘lanadi. Kambag‘allik chegarasidagi oilalarga esa bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam 6 oy davomida oila daromadidan kelib chiqib tayinlanadi. Avval ushbu toifadagi oilalar bunday yordamlarni olish imkoniyatiga ega emas edi.