2026-yil ta’lim sohasidagi muhim yutuqlar bilan boshlandi. Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Farg‘ona shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Otabek Komilov Doniyor o‘g‘li dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Mohammed Bin Zayed University of Artificial Intelligence (MBZUAI) universitetiga to‘liq grant asosida qabul qilindi.
MBZUAI sun’iy intellektga ixtisoslashgan dunyodagi ilk universitet bo‘lib, QS xalqaro reytingiga ko‘ra AI yo‘nalishida dunyoning TOP-10 universitetlari qatoridan joy olgan.
Otabek Komilovga taqdim etilgan grant miqdori yiliga 45 ming AQSh dollarini, 4 yillik ta’lim davri uchun esa jami 180 ming AQSh dollarini tashkil etadi.
O‘quvchining erishgan yutuqlari orasida IELTS imtihonidan 7 ball natija, Amerika matematika olimpiadasi (AMC) milliy bosqichida oltin medal, Janubi-Sharqiy Osiyo matematika olimpiadasi (SEAMO) milliy bosqichida oltin medal hamda V2E nomli sun’iy intellekt loyihasiga asos solgani alohida e’tiborga molik.
Mazkur yutuq Prezident maktablari o‘quvchilarining xalqaro miqyosda raqobatbardosh bilim va salohiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.