Fanlar akademiyasi Tarix instituti arxeologlari Toshkent viloyati hokimligi ko‘magida olib borilgan navbatdagi qazishmalar davomida qadimiy Qanqa yodgorligidan noyob topilmalar — milodiy X–XI asrlarga oid devoriy rasmlar aniqladi, deb xabar berdi O‘zA.

Trt

Topilmalar qadimiy Qanqa shahri shahristonida joylashgan katta karvonsaroy hududidan topilgan. Ushbu inshoot qadimiy shaharning janubiy darvozasidan taxminan 60 metr masofada joylashgan bo‘lib, maydoni qariyb 100×70 metrni tashkil etadi. Bino monumantal me’moriy uslubda barpo etilgan bo‘lib, xonalarining devorlari devoriy san’at bilan bezatilgan.

Qazishmalar davomida xonalar devorlaridan qulab tushgan devoriy rasmlar parchalari aniqlangan. Ularning o‘lchamlari 15×20 dan 30×35 santimetrgacha bo‘lib, bu karvonsaroy xonalari devoriy bezaklar bilan boyitilganini tasdiqlaydi.

Mutaxassislarning fikricha, topilmalar arablar bosqini davridan so‘ng yo‘qolgan devoriy san’atning X–XI asrlarda Toshkent hududida qayta tiklanganini ko‘rsatadi.

Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, shunga o‘xshash devoriy rasmlar ilgari Samarqand va Axsikent yodgorliklarida ham topilgan. Madaniy meros agentligi hamda Samarqand arxeologiya instituti restavratorlari ishtirokida o‘rganilgan parchalar Toshkentda o‘ziga xos devoriy rassomchilik maktabi bo‘lganini tasdiqlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda olib borilgan qazishmalar chog‘ida Qanqa yodgorligidan V–VII asrlarga oid devoriy rasmlar ham topilgan edi.