Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Odirmon shahar arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar vaqtida diniy marosimlar bilan bog‘liq altar (mehrob) va noyob ostodon topildi.

Mk

Madaniy meros agentligi xabariga ko‘ra, qazishmalar joriy yilda ilk bor Samarqand arxeologiya instituti xodimi Sanjar Abduraximov tomonidan olib borilmoqda.

Yodgorlikning shimoli-sharqiy qismidan aniqlangan altar balandligi 70 santimetr, eni 90 santimetrni tashkil etadi. Unda yong‘in izlari yaxshi saqlangan.

Altar poliga 18×28×2,5 santimetr o‘lchamdagi pishgan kafelsimon g‘ishtlar terilgan. Inshoot atrofi esa 2,5–3 santimetr qalinlikdagi loy suvoq bilan qoplangan.

Suvoq qatlamlarining bir necha bor yangilangani altardan uzoq vaqt foydalanilganini va inshoot muntazam ta’mirlanganini ko‘rsatmoqda.

Ostodonda kiyik va archa tasviri

Yodgorlikdan topilgan ostodonning tashqi yuzasida kiyik va archa daraxtiga o‘xshash naqshlar aks etgan.

Tasvirlarning mazmuni restavratsiya ishlari yakunlangach batafsilroq o‘rganilishi kutilmoqda.

Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, Odirmon shahar yodgorligi miloddan avvalgi III asr va milodiy III asrlar oralig‘iga oid.

Aniqlangan altar va ostodon hududda yashagan qadimgi aholining diniy qarashlari, marosimlari va dafn an’analarini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Arxeologik tadqiqotlarning davom ettirilishi yodgorlikning tarixiy va madaniy ahamiyatini yanada chuqurroq o‘rganish imkonini beradi.