O‘zbekistonda 28-dekabr kunidan boshlab o‘quvchilar uchun qishki ta’til boshlanadi. Shu munosabat bilan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ota-onalarga murojaat qildi.

Xabarda ta’til davrida bolalarning xavfsizligi va ularning kundalik nazorati to‘liq ota-onalar zimmasida ekani qayd etildi. Sovuq ob-havo sharoitida avtomobil yo‘llarida bolalarning harakat xavfsizligini ta’minlashga alohida mas’uliyat bilan yondashish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Yangi yil archasi va bayram tadbirlarida bolalarni qarovsiz qoldirmaslik, ularning yo‘l harakati qoidalariga rioya etishini nazorat qilish so‘raldi. Jumladan, yo‘lni belgilanmagan joylardan kesib o‘tmaslik, svetofor ishoralariga amal qilish hamda pirotexnika vositalaridan foydalanmaslik masalalariga e’tibor kuchaytirilishi lozimligi bildirildi.
Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Yangi yil bayrami va qishki ta’til kunlari ko‘ngilsiz hodisalarsiz, maroqli va xavfsiz o‘tishi uchun ota-onalarni farzandlari bilan bog‘liq masalalarda ogoh va mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdi.