«Qishloq xo‘jaligi ekinlari nav va duragaylarini qishloq xo‘jaligi sub’yektlari yer maydonlarida sinash tartibini tasdiqlash to‘g‘risida»gi nizom loyihasi ishlab chiqildi.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari nav va duragaylarini xo‘jalik uchun foydali belgilari hamda iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinash ishlari talabnoma beruvchi tomonidan tanlanadigan nav sinash stansiya va uchastkalari hamda qishloq xo‘jaligi sub’yektlarining yer maydonlarida amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini xo‘jalik uchun foydali belgilari bo‘yicha baholashda o‘tkazilgan laboratoriya tahlillari, maxsus fitopatologik tajribalar hamda sifat tahlil natijalari ham inobatga olinadi.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi nav va duragaylarini davlat reyestriga kiritishda konkurs hamda iqtisodiy samaradorlik sinovlaridan o‘tkazish talab etiladi.

Urug‘liklar zamonaviy (pnevmatik) seyalkalarda ekiladi va o‘tkaziladigan barcha agrotexnik tadbirlar resurstejamkor texnologiyalarda amalga oshiriladi.

Konkurs sinov markaz tizimidagi nav sinash stansiya va uchastkalar yer maydonlarida amalga oshirilib, g‘o‘za, boshoqli don, kartoshka, dukkakli, moyli va ozuqa ekinlarida jami 2000 m2 (1 qaytariq 500 m2), boshqa ekinlarda ekin turidan kelib chiqib, jami 200-400 m2 (1 qaytariq 50-100 m2) yer maydonlari talab etiladi.

Har bir nav va duragaylar rendomizatsiya usulida 4 qaytariqda ekiladi. Maydonchalar kontur sharoitidan kelib chiqib, maqbul yaruslar bo‘yicha joylashtiriladi. Sinov uchun ekiladigan ekinlar atrofida himoya maydonchasi bo‘lishi shart.

G‘o‘za va boshoqli don ekinlari navlarini konkurs sinovidan o‘tkazish muddati ikki yil, boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarida bir yilni tashkil etadi.

Ishlab chiqarish sinovi markaz tizimidagi nav sinash stansiya va uchastkalar yoki qishloq xo‘jaligi sub’yektlarining yer maydonlarida amalga oshirilib, g‘o‘za, boshoqli don, kartoshka, dukkakli, moyli va ozuqa ekinlarida jami 10000 m2 (1 qaytariq 5000 m2), boshqa ekinlarda 5000 m2 (1 qaytariq 2500 m2) maydonlar talab etiladi.

Har bir nav va duragaylar rendomizatsiya usulida 2 qaytariqda ekiladi. Maydonchalar kontur sharoitidan kelib chiqib, maqbul usulda joylashtiriladi. Sinov uchun ekiladigan ekinlar atrofida himoya maydonchasi bo‘lishi shart.

Ishlab chiqarish sinovlarini o‘tkazish muddati barcha qishloq xo‘jaligi ekinlarida bir yildan oshmasligi talab etiladi.