Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish uchun amaldagi institutsional infratuzilmani tubdan o‘zgartirish vaqti kelgani qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu maqsadda qishloq xo‘jaligi sohasidagi 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya hamda 2,5 mingdan ortiq olim va ilmiy xodimlarni yagona tuzilma — Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasiga birlashtirish rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda akademiya faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida biotexnologiya va molekulyar biologiya, gen injeneriyasi va gibrid urug‘chiligi, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, kosmik va dron texnologiyalari, yerlar degradatsiyasi va sog‘lom tuproq, organik qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya va raqamli qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarini belgilash taklif etildi.
Yig‘ilishda akademiya faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar ham belgilandi. Xususan, qishloq xo‘jaligi uchun malakali kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, hozirda Toshkent davlat agrar universitetida 13,6 ming talaba tahsil olmoqda, biroq ta’lim jarayonining amaliyot bilan yetarlicha bog‘lanmagani sababli bitiruvchilarning atigi 55 foizi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish boshlamoqda.
Shu munosabat bilan ta’lim, ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarishni uzviy bog‘laydigan yangi tizim yaratish, mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash vazifalari belgilandi. Jumladan, kelgusida universitet talabalarining 6,8 ming nafari ishlab chiqaruvchi tashkilotlar, korxonalar va agroklasterlarda, 2,6 mingdan ortig‘i esa Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 22 ta ilmiy-tadqiqot institutida amaliyot o‘tashi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, fermerlar va ularning xodimlari farzandlarini test sinovlarida yetarli ball to‘play olmagan taqdirda, kamaytirilgan to‘lov-kontrakt asosida universitetga qabul qilish, yettita ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddatini 4 yildan 3 yilga qisqartirish taklif etildi. Shuningdek, talabalarni traktorchi-mashinist guvohnomasiga ega bo‘lish hamda agrodronlardan foydalanishga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.