Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati ma’lum qildi.

28-iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisda ta’kidlanishicha, qonun loyihasi O‘zbekistonda kapital bozorini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish hamda zamonaviy moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Hujjat bilan aholi va investorlar uchun yangi moliyaviy vositalarni muomalaga kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, sukuk (islom obligatsiyalari), barqaror rivojlanish obligatsiyalari, qoplangan obligatsiyalar hamda sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar joriy etilishi rejalashtirilgan.
Qonun loyihasida investorlar va fuqarolarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini kuchaytirish, bozor infratuzilmasi faoliyatini tartibga solish va kapital bozorining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha normalar ham o‘rin olgan.
Shuningdek, investorlarni jalb qilish, korporativ boshqaruv sifatini yaxshilash hamda kompaniyalarning axborotlarni ochiq va oshkora e’lon qilish bo‘yicha talablarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Deputatlar muhokamalar davomida kapital bozorini nazorat qiluvchi organning vakolatlarini Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari bo‘yicha xalqaro tashkilot (IOSCO) tamoyillariga muvofiqlashtirish zarurligini ta’kidladi. Bundan tashqari, Markaziy depozitariy hamda reyting agentliklari faoliyatini takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Qonunchilik palatasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi, zamonaviy investitsiya vositalarining paydo bo‘lishiga xizmat qiladi hamda investorlar uchun yanada qulay va shaffof muhit yaratadi.
Shuningdek, hujjat mamlakat iqtisodiyotiga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni kengroq jalb etish, kapital bozorining raqobatbardoshligini oshirish hamda uning xalqaro moliya bozorlariga integratsiyasini jadallashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.