Samarqand shahrida Registon ko‘chasida piyodalar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida yerosti o‘tish yo‘llari barpo etilishi mumkin.

Nhh

Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, hozircha tartibga solinmagan o‘tish joyi o‘rnida bundan 18 yil avval yopilgan yerosti yo‘li qayta ochilishi ustida ishlar olib borilmoqda. Qaror piyodalar, xususan, maktab o‘quvchilari va sayyohlar soni ortgani bilan izohlanmoqda.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboev loyiha bilan tanishar ekan, xavfsizlik choralariga qat’iy rioya etish va qurilish ishlarini haydovchilarga halaqit bermagan holda, asosan tungi vaqtda olib borish zarurligini ta’kidladi. Ishlar qisqa muddatda yakunlanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, hokimlik Registon maydoni oldidagi svetoforli o‘tish joyi o‘rnida ham yerosti yo‘li qurish bo‘yicha taklif bildirgan. Bu loyiha hali tasdiqlanmagan bo‘lib, respublika darajasida ko‘rib chiqilishi lozim.

Bundan tashqari, Siyob bozori yaqinida, Rudakiy va Shohi-Zinda ko‘chalari kesishmasida svetoforli piyodalar o‘tish joyi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shu hududda avtobus bekatlari ham barpo etiladi va yo‘l bo‘yida taksilar tartibsiz to‘planishining oldi olinadi.