Rossiyada tahsil olayotgan 31 nafar o‘zbekistonlik talabaga nisbatan jarima solish yoki mamlakat hududidan maʼmuriy chiqarib yuborish kabi jazo choralarini qo‘llashning oldi olindi.

Tbbb

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili — ombudsman matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Rossiya ombudsmanlari ishtirokida fuqarolarning muammolarini o‘rganish maqsadida O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida sayyor qabul tashkil etilgan. Qabul davomida Rossiyadagi “Iqtisod oliy maktabi” milliy tadqiqot universitetida tahsil olayotgan 31 nafar o‘zbekistonlik talabaning murojaati ko‘rib chiqilgan.

Aniqlanishicha, universitet maʼmuriyati tomonidan talabalarning migratsiya hisobida turish muddatini uzaytirish qoidalari bo‘yicha vakolatli organlarga o‘z vaqtida maʼlumot berilmagan. Natijada talabalar Rossiya hududida 90 kundan ortiq qolib ketgan va migratsiya qoidalari buzilgan, deya baholanib, ulardan 40 ming rubl miqdorida jarima to‘lash talab qilingan.

Mazkur holat Rossiya Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan nazoratga olinib, Rossiya Ichki ishlar vazirligining Migratsiya xizmati bilan hamkorlikda tekshiruv o‘tkazilgan. O‘rganishlar yakunida chet ellik talabalarning vaqtincha turish muddatlarini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Shuningdek, hududiy ichki ishlar organlariga mazkur talabalarga nisbatan jarima solish yoki Rossiya hududidan maʼmuriy chiqarib yuborish kabi jazo choralarini istisno tariqasida qo‘llamaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan ko‘rilgan choralar natijasida nafaqat o‘zbekistonlik, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Moldova va Belarusdan kelib tahsil olayotgan 200 nafardan ortiq talabaning muammolari ham ijobiy hal etilgan.