“Italiya bilan oliy ta’lim sohasida hamkorlik kengaymoqda”, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev Tushia universiteti rektori, professor Stefano Ubertini bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida tomonlar Samarqand agroinnovatsiya va ilmiy tadqiqot institutida qo‘shma universitet kampusini tashkil etish yuzasidan imzolangan kelishuv haqida fikr almashdi. Professor Ubertinining ta’kidlashicha, kelishuv asosida zarur amaliy ishlar boshlangan bo‘lib, filialning rasmiy ochilishi joriy yil 30-sentabrda bo‘lib o‘tadi. O‘quv yili esa 2026-yil yanvardan boshlanishi belgilangan.
“Italiya universitetlari qatorida qishloq xo’jaligi yo’nalishi bo’yicha tarixda ilk bor Tushianing birinchi xorijdagi filiali O’zbekistonda ochiladi. Biz bundan juda xursandmiz”, — dedi rektor.
Yangi filialda talabalarga Italiyaning agrar sohadagi ilg‘or tajribasi hamda zamonaviy texnologiyalar asosida ta’lim berilishi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, 1979-yilda Viterbo shahrida tashkil etilgan Tushia universiteti Italiyaning agrar sohaga ixtisoslashgan nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, bugungi kunda 8 mingdan ortiq talabaga ta’lim bermoqda.