O‘zbekkosmos agentligi vakillari Avstraliyaning Sidney shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro astronavtika kongressida (IAC-2024) Samarqand shahrini 2028-yilgi kongress mezbonligi uchun nomzod sifatida ilgari surdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

29-sentyabr – 3-oktyabr kunlari o‘tayotgan anjuman doirasida 28-sentyabr kuni IAC Hosts Summit tadbiri tashkil etildi. Unda O‘zbekkosmos agentligi direktorining o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov maxsus videomaterial va taqdimot orqali Samarqandda yirik kongressni o‘tkazish tashabbusini bildirdi.
Xalqaro astronavtika kongressi (IAC) — jahon kosmik sanoatidagi eng yirik anjumanlardan bo‘lib, har yili 10 mingga yaqin ilmiy-tadqiqot markazlari, yetakchi kompaniyalar va kosmik agentliklar vakillarini bir maydonga jamlaydi.
Bunday yirik xalqaro forum mezbon davlatga investorlarni jalb qilish, ilmiy markazlar, texnoparklar va inkubatorlarni rivojlantirish, qo‘shma tadqiqot va startaplarni ilgari surish imkoniyatini yaratadi.
So‘nggi yillarda mazkur kongress Parij (2022), Boku (2023), Milan (2024) kabi shaharlarda o‘tkazilib, mezbon mamlakatlarda ilmiy hamkorlik va investitsion loyihalarga turtki bergan.
O‘zbekkosmos Samarqandni IAC-2028 uchun ilgari surar ekan, bu tashabbus O‘zbekistonning ilmiy salohiyatini namoyish etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.