Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Vd

Umumiy maydoni 10,2 gektar bo‘lgan majmuada ziyoratchilar uchun yangi masjid qurildi, Imom Moturidiy va Burhoniddin Marg‘inoniy maqbaralari rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, alloma merosini o‘rganishga mo‘ljallangan ilmiy markaz, kutubxona va muzey tashkil etildi.

Davlat rahbari bu maskanlar buyuk ajdodlar merosini o‘rganish va uni yoshlarga yetkazishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

“Bunday ilm o‘choqlarini tashkil etishdan maqsadimiz – buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va yoshlarimizga yetkazish. Bizga bugun bu ilm juda kerak”, — dedi prezident.

Majmuaning kirish qismida peshtoq, mehmonxonalar va avtoturargoh ham barpo etilgan. Hududga mahalliy hamda O‘zbekiston iqlimiga mos xorijiy daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan.

Shavkat Mirziyoyev ziyoratgohga kelgan insonlar nafaqat ziyorat qilishi, balki Imom Moturidiyning ilmiy-ma’naviy merosi va uning islom olamidagi o‘rni haqida ham bilim olishi kerakligini qayd etdi.

“Bunday buyuk qadamjolarni obod qilish zamirida katta ma’naviyat, ma’rifat, ta’lim va ilm bor. Odamlar bu yerga kelib, nafaqat ziyorat qilsin, balki bilim olsin, o‘zligini anglasin”, — dedi davlat rahbari.

2025-yilda Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlangan edi. Shu munosabat bilan Samarqanddagi Chokardiza qabristoni hududida joylashgan majmuani ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari boshlangan.