O‘zbekistonda Ebola virusi tarqalishi xavfi past baholanmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kasallikning mamlakat hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida kirib kelayotgan fuqarolar ustidan tibbiy kuzatuv olib borilmoqda.
“Mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror”, — deyiladi qo‘mita xabarida.
Shu bilan birga, fuqarolarga Ebola virusi faol tarqalgan mamlakatlar va hududlarga safar qilmaslik tavsiya etildi. Mutaxassislar virus asosan kasallangan odam yoki hayvonning biologik suyuqliklari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot orqali yuqishini eslatgan.
Qo‘mita aholini quyidagi ehtiyot choralariga amal qilishga chaqirdi:
- yovvoyi hayvonlar, xususan primatlar va ko‘rshapalaklar bilan aloqa qilishdan saqlanish;
- yovvoyi hayvonlar go‘shti va xom mahsulotlarni iste’mol qilmaslik;
- isitma, toshma, qon ketishi yoki shamollash alomatlari kuzatilayotgan odamlardan masofa saqlash;
- qo‘llarni muntazam ravishda sovun bilan yuvish yoki dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanish;
- faqat qadoqlangan yoki qaynatilgan suv iste’mol qilish;
- epidemiya kuzatilayotgan hududlardan qaytgach, 21 kun davomida salomatlik holatini nazorat qilish;
- isitma, holsizlik, qusish yoki diareya kabi alomatlar paydo bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish;
- yaqinda xavfli hududlarga safar qilingan bo‘lsa, bu haqda tibbiyot xodimlariga ma’lum qilish.
Ma’lumot uchun, Ebola virusi og‘ir yuqumli kasallik bo‘lib, asosan Afrika qit’asida uchraydi. Virus kasallangan odam yoki hayvonlarning qon, siydik, najas, ter, so‘lak va boshqa biologik suyuqliklari orqali yuqadi.
Hozircha Ebola infeksiyasini davolashning maxsus usuli mavjud emas. Bemorlarni davolash asosan kasallik alomatlarini yengillashtirish va organizmni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan simptomatik terapiya orqali amalga oshiriladi.