Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim ota-onalarning emlashdan keyingi holatlar bo‘yicha bildirayotgan xavotirlari va vaksinatsiyaga oid e’tirozlari keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan Sanepidqo‘mita “Daryo” nashriga rasmiy munosabat bildirdi.

Emlash

Qo‘mita mutaxassislarining ta’kidlashicha, emlashdan keyin kuzatiladigan yengil va o‘rta darajadagi nojo‘ya ta’sirlar aksariyat hollarda organizmning tabiiy immun javobi hisoblanadi.

“Issitma yoki titroq kabi umumiy alomatlar immunitet tizimining organizmga tushgan virus yoki infeksiyaga qarshi kurashishi natijasida yuzaga keladi. Vaksinalar esa insonni kasallantirmagan holda immunitet tizimini xuddi shunday himoya reaksiyasini shakllantirishga undash uchun yaratilgan”, deyiladi izohda.

Qayd etilishicha, ko‘pchilikda immunitet shakllanishi hech qanday noqulayliksiz kechadi. Biroq ayrim hollarda emlashdan keyin inyeksiya qilingan joyda og‘riq, yengil isitma, titroq yoki holsizlik kabi alomatlar kuzatilishi mumkin.

Mutaxassislar bunday holatlar odatda xavotirli emasligini, ular organizmda himoya mexanizmlari ishga tushganidan dalolat berishini ta’kidladi. Ushbu alomatlar ko‘pincha 2–3 kun davom etib, qo‘shimcha davolashsiz o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.

Sanepidqo‘mita fuqarolarni emlash masalasida faqat rasmiy va ilmiy asoslangan ma’lumotlarga tayanishga hamda shubhali axborotlarga ishonmaslikka chaqirdi.