Moziyga nazar
Firdavsiyning “Shohnoma” va Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarlarini o‘qigan kitobxon Buxoro Arkining qurilishi va mazkur Arkning yengilmas qahramoni va bosh sarkardasi pahlavon Rustam va uning hukmdori Siyovush to‘g‘risidagi tarixiy ma’lumotlarning qanchalik haqiqatligini anglashimiz mumkin.

Afsonaviy qahramon Rustamda favqulodda kuch, jasorat, aql-zakovat va oliyjanoblik bor edi. U doimiy ravishda xo‘jayiniga yordam berib, ko‘plab jasoratlarni amalga oshiradi. U ajdaho va sherni mag‘lub qiladi, sehrgarning makkor rejalarini yo‘q qiladi, devlar va jinlarni mag‘lub qiladi va o‘ldiradi, Shohni jodugarlik asirligidan ozod qiladi.

Firdavsiy Rustam portretini yorqin bo‘yoqlarda tasvirlaydi, uni yirik planda ko‘rsatadi. Masalan, u bo‘kirsa tog‘lar larzaga keladi, yurganida zalvoridan oyog‘i toshga ham botib ketadi, o‘tirgan chog‘ida ham bo‘yi hammadan baland va hokazo. Rustam yengilmas va mag‘rur tabiatli bahodir, ammo, o‘z podshohiga chin dildan sadoqatli, u o‘z vatani, o‘z xalqining balogardoni. Bu yo‘lda u jangdan ham tap tortmaydi.

Buxoro davlat muzeyida saqlanayotgan bahodir Rustam nomi bilan bog‘liq bo‘lgan 4420/15 inventar raqamli qamchi muzeyning “Buxoro xonligi/amirligi tarixi” ekspozitsiyasida ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Yana ikkita ashyolar “Sangi Rustam” va Rustam otining marmar oxuri Ark qal’asining shimolida, jome masjidi yonida saqlanayotganligini ko‘ramiz.

Narshaxiyning Buxoro tarixi kitobidagi Buxoro Arki qurilishining tarixi bilan bog‘liq ma’lumotlarida Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr buning ajoyibotlari haqida to‘xtab, shunday deydi: Abu-l Hasan Nishopuriyning “Xazoin ul-ulum”da aytishicha, Buxoro ko‘handizining, ya’ni Buxoro Arki hisorining bino etilishiga mana shu (voqea) sabab bo‘lgan: Siyovush ibn Kaykovus o‘z otasidan qochib Jayxun daryosidan o‘tib Afrosiyobning oldiga keldi. Afrosiyob uni yaxshi qabul etdi va o‘z qizini unga xotinlikka berib, aytishlaricha, barcha mulkini ham unga topshirdi. Bu viloyat o‘ziga vaqtincha berib qo‘yilgan joy ekanligi tufayli, Siyovush bu yerda o‘zidan bir yodgorlik qoldirishni istadi. Shunday qilib, u Buxoro hisorini bino qildi va ko‘proq vaqt o‘sha joyda turar edi. (Kimlardir) u bilan Afrosiyob o‘rtasida yomon gap yurgizdi va (natijada) Afrosiyob uni o‘ldirdi hamda ana shu hisorda sharqiy darvozadan kiraverishingda “Darvozayi g‘uriyon” deb atalgan somonfurushlar darvozasining ichkarisiga dafn etdilar.

Buxoro Ark qo‘rg‘oni necha marta bino qilmasin yana vayron bo‘laverdi. Hukamolarni yig‘ib ulardan maslahat so‘radilar. Ular bu qasrni osmondagi Yetti qaroqchi yulduzlari shaklida yettita tosh ustun ustiga qurishga qaror qildilar; shu shaklda (qurilgandan keyin) qasr buzilmadi. Yana bir jihati shuki, bu qasr bino qilingandan beri bunda hayot kechirgan hech bir podshoh mag‘lubiyatga uchragan emas, aksincha hamisha g‘alaba qozongan. Bu qasrni bino qilganlaridan beri na kofirlar davrida va na islomiyat davrida biror podshoh ham uning ichida o‘lmagan.
Podshohning ajali yetgan vaqtda biror sabab yuz berib u qasrdan tashqariga chiqqan va boshqa bir joyda vafot topgan, bu qasr bino qilinganidan to vayron bo‘lgunicha shunday bo‘lib kelgan. Bu hisorning ikkita darvozasi bor, biri sharq tomonda, biri g‘arb tomonda, Sharq tomondagisini “Dari g‘uriyon”, g‘arb tomondagisini “Dari Registon” deydilar, keyinchalik “Dari alaffurushon” deb ataganlar.
Siyovush tomonidan qurilgan Buxoro Arkining asosiy himoyachisi va afsonaviy qahramoni saroyning bosh sarkardasi Rustam bo‘lgan. Buxoroda bahodir Rustam sarkarda bo‘lgan davrda biror dushman Buxoro askarlarini yengolmagan. Bahodir Rustam Buxoro Arkining bosh sarkardasi ekan hech kim Buxoroga bostirib kirishga jur’at qilolmagan.
Qahramonga uning jangovar oti Raxsh (chaqmoq) og‘ir vaziyatlarda juda ko‘p yordam beradi u Rustamga sodiq va qudratli. Raxsh – forscha “nur” yoki “chaqmoq” ma’nosini anglatadi.
Raxsh arslonning yelkali, fil kuchiga ega qudratli ayg‘ir sifatida tasvirlangan. U juda aqlli va uning sadoqati afsonaviy, Rustamdan boshqa hech kim Raxshni minmagan. Raxsh esa Rustamdan boshqa hech kimni tanimagan.
Raxshning rangi “za’faron tuprog‘iga sochilgan pushti barglar” deb ta’riflanadi va buni Rustam birinchi bo‘lib Zobuliston va Kobuldan olib kelingan ot podalari orasida qayd etgan.
Buxoro davlat muzeyiga kiraverishda joylashgan masjidning orqa tomonida bahodir Rustamning ot oxiri orqali uning oti bahaybat bo‘lganligini anglash mumkin.
Sh.Mahmudov,
Buxoro viloyati “Karvon” madaniy merosni o‘rganish
va turizmni rivojlantirish boshqaruv raisi.