Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida Qashqadaryo viloyatidan saylangan senator Komila Karamova sunʼiy intellektdan haddan tashqari foydalanish inson tafakkuriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

“Zamonaviy texnologiyaning qulay va foydali jihatlari ko‘p. Ammo salbiy tomonlari ham bor. Bugun yoshlar, talabalar, o‘quvchilar kurs va nazorat ishlarini sunʼiy intellekt orqali tayyorlamoqda. Ularning o‘ylab ish qilish odati yo‘qolmoqda, bu esa ongni zaiflashtirmoqda”, dedi senator.

Komila Karamovaning so‘zlariga ko‘ra, sunʼiy intellektning noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumot berish holatlari ko‘payib borayotgani ham tashvishli jihatlardan biridir.

Mazkur majlisda senatorlar “Sunʼiy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqib, ma’qulladi.

Qonun bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga va boshqa hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Unga muvofiq:

  • “sunʼiy intellekt” tushunchasiga huquqiy ta’rif beriladi;
  • ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilanadi;
  • maxsus vakolatli organning vazifalari aniqlanadi;
  • axborot tizimlarida sunʼiy intellektdan foydalanish qoidalari va shaxsga doir ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlash talablari belgilab qo‘yiladi.

Shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof tarzda ishlov berish yoki ularni ommaviy axborot vositalarida va internetda tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etiladi.

Senatorlarning fikricha, mazkur qonun sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, ulardan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanish, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.