Tbilisi shahrida 2-iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarini Gruziya prezidenti Mixail Kavelashvili kutib oldi.

Ikl

Qarorgoh oldidagi maydonda ikki davlat bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Gruziya davlat madhiyalari yangradi. Shundan so‘ng davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolari bilan salomlashdi va birgalikda suratga tushdi.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Orbeliani saroyida Shavkat Mirziyoyev va Mixail Kavelashvili o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shavkat Mirziyoyev samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston prezidentining Gruziyaga davlat tashrifi so‘nggi 23 yil ichida ilk bor amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Tomonlar parlamentlar, hukumatlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashayotganini qayd etdi. Ma’lum qilinishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarga yetgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda Gruziyaning TBC banki faoliyat yuritayotgani, Toshkent bilan Tbilisi va Batumi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani hamda joriy yil mart oyida Toshkentda Gruziya madaniyati kunlari o‘tkazilgani qayd etildi.

Muzokaralarda Poti va Batumi portlari imkoniyatlaridan foydalanish orqali savdo hajmini oshirish, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Hududlararo aloqalarni rivojlantirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Gruziya prezidenti Mixail Kavelashvilini O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Shundan so‘ng Tbilisida O‘zbekiston prezidentini Gruziyaning oliy davlat mukofoti — “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mixail Kavelashvili ushbu mukofotni Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun topshirdi.

O‘zbekiston prezidenti mukofot uchun Gruziya prezidenti Mixail Kavelashvili, bosh vazir Irakliy Kobaxidze hamda parlament raisi Shalva Papuashviliga minnatdorlik bildirib, Gruziya xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi. Shuningdek, u Orbeliani saroyining Faxriy mehmonlar kitobiga tilaklarini yozib qoldirdi.

Ma’lumot uchun, “Oltin mo‘yna” ordeni 1998-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, Gruziyaning oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. U xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, gruzin madaniyati, ilm-fani va san’atini targ‘ib etishga qo‘shgan alohida hissasi uchun beriladi. Turli yillarda ushbu mukofot Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Iordaniya qiroli Abdulla II, Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shryoder, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va boshqa davlat arboblariga ham topshirilgan.