Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Unda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratish hamda universitetlar aloqalarini mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va amaliy sheriklik mustahkamlanib borayotganini qayd etdi.

“Ta’lim bo‘yicha hamkorlik g‘oyat muhim ekani, davlatlarimizning kelgusi taraqqiyoti shu sohadagi intilish va islohotlarimiz samarasiga bog‘liqligini barchamiz yaxshi tushunamiz”, deyiladi tabrikda.

Jahon banki prognoziga ko‘ra, Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2026-yilda 5,8 foizga o‘sishi kutilmoqda. Prezident qariyb 85 million aholi yashaydigan mintaqaning asosiy boyligi bilimga chanqoq yoshlar ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, bu salohiyatni rivojlantirishning eng samarali yo‘li sifatli va zamonaviy ta’limdir.

Mirziyoyev O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi islohotlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirilganini qayd etdi. Yaqinda qabul qilingan farmon bilan maktabgacha va maktab ta’limi, kasbiy va oliy ta’lim hamda ilm-fan boshqaruvi yagona tizimga birlashtirilganini bildirdi.

Bu orqali bolalikdan boshlab yetuk mutaxassis va olim bo‘lib shakllanishgacha bo‘lgan ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Davlat rahbari har bir bola yashash joyidan qat’i nazar, sifatli ta’lim olishi va o‘z qobiliyatini namoyon etishi uchun sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi.

Prezidentning qayd etishicha, kelgusi o‘n yilda mehnat bozori o‘zgarib, yangi kasb va mutaxassisliklar paydo bo‘ladi. Shu sababli ta’lim tizimi yoshlarga bilim berish bilan cheklanmasdan, ularda mustaqil fikrlash, ijodkorlik, mas’uliyat va doimiy o‘rganish ko‘nikmalarini ham shakllantirishi kerak.

Buning uchun o‘qituvchilar mavqeini oshirish, ta’lim mazmunini yangilash, yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga yo‘naltirish hamda maktablar, texnikumlar, universitetlar va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish vazifalari belgilangan.

Shuningdek, qizlar, qishloq va chekka hududlarda yashovchi bolalar hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Tabrikda sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va zamonaviy muhandislikni rivojlantirish, universitetlarni ilmiy ixtirolar va ishlanmalar markaziga aylantirish hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ham ta’kidlangan.

Prezident suv va energetika xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi hamda mehnat bozoridagi texnologik o‘zgarishlar kabi muammolarni hal qilish uchun mintaqa mamlakatlari bilim va imkoniyatlarini birlashtirishi kerakligini bildirdi.

U universitetlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy tadqiqotlarni ko‘paytirish, talabalar va olimlar almashinuvini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

“Bizning bu sohadagi strategik maqsadimiz — Markaziy Osiyoni o‘zaro ishonch va do‘stlik diyoriga, ilm-ma’rifat, yuksak texnologiyalar va innovatsiyalar birlashgan umumiy intellektual makonga aylantirishdir”, deyiladi prezident tabrigida.