Shavkat Mirziyoyev va Janubiy Koreya bosh vaziri Han Song Suk qo‘shma biznes forumning ochilishida ishtirok etdi. Tadbirda ikki mamlakat davlat tuzilmalari va ishbilarmon doiralarining 300 nafardan ziyod vakili qatnashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Forumda Koreyaning Lotte Chemical, Hyundai Motor Group, Samsung C&T, CJ Group, Shinhan Financial Group, Hyundai Rotem, Kia Corporation, Hansae Mobility kabi yirik kompaniyalari vakillari ham ishtirok etdi.
Prezident Koreyani O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan do‘sti va alohida strategik sherigi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik ikki mamlakat ko‘p qirrali sherikligining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Davlat rahbari O‘zbekistonning resurs salohiyati, Koreyaning ilg‘or texnologiyalari va ikki mamlakat kompaniyalarining investitsiyaviy imkoniyatlarini birlashtirish orqali yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini yaratishni taklif qildi.
Qaysi sohalarda hamkorlik kengaytiriladi?
Prezident sanoat kooperatsiyasi, energetika va “yashil iqtisodiyot”, transport va zamonaviy infratuzilma, raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt sohalarini hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatdi.
Shuningdek, yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika, biotexnologiya va farmatsevtika, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratish taklif qilindi.
Koreya kompaniyalari misni qayta ishlash, elektrotexnika uskunalari ishlab chiqarish, avtomobil va elektromobillar uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, robototexnika va biotexnologiya loyihalariga taklif etildi.
Gidroenergetika, energiyani saqlash tizimlari, energetika tarmoqlarini modernizatsiya qilish, transport va shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish masalalari ham ilgari surildi.
Sanoat-texnologik hamkorlikni rivojlantirishning amaliy mexanizmi sifatida O‘zbekiston–Koreya sanoat-texnologik alyansini tuzish taklif etildi.
Prezident O‘zbekistonda koreys biznesi uchun qulay sharoitlarni yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor