30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida o‘tkazilgan bayram tadbiri doirasida Yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi tomonidan prezident Shavkat Mirziyoyevga bir qator innovatsion loyihalar taqdim etildi.

Taqdimot davomida iqtidorli yoshlar o‘zlarining ilmiy ishlanmalari, muhandislik loyihalari va innovatsion g‘oyalarini namoyish etdi.
Jumladan, No‘monjon Ibrohimov “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali yakunlari hamda mamlakatda muhandislik sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
FPV dronlar poygasi bo‘yicha 2024–2025-yillar O‘zbekiston chempioni Biloliddin Ismoilov esa o‘zi ishlab chiqqan va takomillashtirgan “Shunqor-8” hamda “X1” antidron tizimlarini taqdim qildi.
Shuningdek, Diyora Kurmayeva oliy ta’lim muassasalarida “Fudomika va metabolomika” ta’lim yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish hamda mazkur yo‘nalish bo‘yicha maxsus laboratoriyani tajriba tariqasida tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Tadbir yakunida “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali doirasidagi “Yangi avlod avtomobillari” yo‘nalishi g‘olibi Ayzada Asanova Prezident sovg‘asi — Volkswagen elektromobili bilan taqdirlandi. Shuningdek, unga Belgiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro tanlovda ishtirok etish uchun yo‘llanma topshirildi.