O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning amakivachchasi, O‘runbek Yoqubov Ikkinchi jahon urushi davrida 20 dan ortiq vermaxt askarini yo‘q qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda arxiv hujjatlariga tayanib, TASS xabar berdi.

Bv

Ma’lum qilinishicha, O‘runbek Yoqubov Oder daryosidan o‘tish vaqtida vermaxtning 7 ta qarshi hujumini qaytarishga yordam bergan. U 31-o‘qchi diviziya 248-o‘qchi polkining minomyotchilar rotasi hisob komandiri bo‘lgan.

Shuningdek, u 1944-yil fevral oyida Dnepr daryosini kechib o‘tish paytida dushmanning 15 ta qarshi hujumini uch kun davomida qaytargani uchun Sovet Ittifoqi qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

1945-yil aprel oyida esa “Qizil Yulduz” ordeni bilan mukofotlangan.

Mukofot varaqasida qayd etilishicha, 1945-yil 24-yanvar kuni Shteyne qishlog‘idan g‘arbda Oder daryosini kesib o‘tish vaqtida Yoqubov minomyotdan o‘t ochib, o‘qchilarning muz ustidan daryoni kesib o‘tishi va platsdarmni egallashiga yordam bergan.

Shundan so‘ng u minomyotlarini g‘arbiy sohilga olib o‘tib, ikki kun davomida platsdarmni yo‘q qilishga uringan dushmanning 7 ta qarshi hujumini qaytarishda piyoda askarlarga ko‘maklashgan.

Hujjatlarda aytilishicha, ushbu janglar davomida Yoqubovning minomyot o‘qlari bilan dushmanning ikki o‘t ochish nuqtasi hamda 20 dan ortiq askar va ofitserlari yo‘q qilingan.

Bundan tashqari, O‘runbek Yoqubov “Jasorat” va “Kavkaz mudofaasi uchun” medallari bilan ham taqdirlangan.