Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasida boshqaruvni takomillashtirish, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, madaniyat sohasida boshqaruv va moliyalashtirishni takomillashtirish, bu borada ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, madaniyat markazlarida davlat-xususiy sheriklik yo‘lga qo‘yilib, ijodiy ishlanmalarni rag‘batlantiruvchi startap loyihalar amalga oshiriladi. Yoshlarda vatanparvarlik hissini kuchaytiruvchi, O‘zbekiston brendini yaratuvchi tarixiy, ilmiy va animatsion milliy mahsulotlar qo‘llab-quvvatlanadi.
Davlat rahbari sohada ilg‘or xorijiy tajribani bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Ta’kidlanishicha, Botir Zokirov memorial muzeyini tashkil etish, Botir Zokirov nomidagi stipendiya joriy qilish, xalqaro estrada tanlovini o‘tkazish rejalashtirilgan. Institutning bakalavriat bosqichini tamomlagan eng faol bitiruvchilar chet elga magistraturada o‘qishga yuboriladi hamda iqtidorli talabalarning nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi.
Andijon shahridagi san’at maktabi negizida Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi. Sherali Jo‘rayev nomidagi milliy qo‘shiqchilik teletanlovi har yili o‘tkaziladi.
Oliy maktabda ilmiy-ijodiy laboratoriya tuzilib, Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarining «oltin fondi» yaratiladi. Zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilib, iqtidorli yosh ijodkorlar undan imtiyozli foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Hududlarda simfonik orkestrlarni bosqichma-bosqich tashkil qilish rejalashtirilgan. Jumladan, Farg‘ona viloyatida simfonik orkestr va milliy cholg‘ular orkestri tuziladi. Ular zarur musiqa asboblari, ovoz kuchaytirish va yoritish uskunalari, sahna liboslari va boshqa anjomlar bilan ta’minlanadi.
Davlat rahbari milliy va jahon san’atining sara asarlarini aholiga chuqur yetkazish, tuman va shaharlarga gastrol safarlari uyushtirish zarurligini ta’kidladi.
Kelgusi 5 yilda kreativ iqtisodiyot hajmini 2 karra ko‘paytirish, yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Taqdimotda hunarmandchilikni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, Buyuk Britaniya Qirollik fondi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida akademik platforma yaratish rejalashtirilgan. U orqali magistrlar tayyorlash, tadqiqotlar o‘tkazish, o‘quv qo‘llanmalarini joriy etish yo‘lga qo‘yiladi. Bu platforma bilan 3 mingdan ziyod iqtidorli hunarmandlar bosqichma-bosqich qamrab olinadi. Keyinchalik uni amaliy san’at maktabiga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Sentyabr-noyabr oylarida Buxoroda birinchi zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkaziladi. Unga 40 ta davlatdan 70 nafar mashhur rassom keladi.
Davlat rahbari madaniy turizmni rivojlantirishga katta turtki beradigan bunday yirik tadbirlarni yuqori saviyada tashkil qilish muhimligini ta’kidladi.
Nukusdagi «Istiqlol» bog‘ini kreativ klasterga aylantirib, unda hunarmandlar va dizaynerlarga an’anaviy bilim va innovatsion g‘oyalarni birlashtirgan holda ta’lim beradigan Orol maktabini tashkil qilish reja qilingan.
Mutasaddilarga loyihalarni sifatli bajarish va tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.