AQSHning yirik iqtisodiy va texnologik markazlaridan biri bo‘lgan Sietl shahri meri Keti B. Uilson 2026-yil 1-sentyabrni shaharda rasman “O‘zbekiston Mustaqilligi kuni” (Uzbekistan Independence Day) deb e’lon qildi. Bu haqda O‘zbekistonning Vashingtondagi bosh konsuli Ahror Burhonov “Daryo”ga ma’lum qildi.

Nmj

Qayd etilishicha, tegishli qaror O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan qabul qilingan.

Sietl meri imzolagan proklamatsiyada O‘zbekistonning 35 yil davomida suverenitet, taraqqiyot va keng ko‘lamli transformatsiya yo‘lidan o‘tgani ta’kidlangan.

Hujjatda O‘zbekistonning Sietlda Bosh konsulxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘ygani ham qayd etilgan. Shu sababli Sietl O‘zbekistonning bevosita diplomatik vakolatxonasi mavjud bo‘lgan AQSHning sanoqli shaharlaridan biriga aylangani e’tirof etilgan.

Proklamatsiyada O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholiga ega davlati va mintaqaning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri ekani qayd etilgan. Shuningdek, mamlakatning ochiq bozorlar va xalqaro sheriklikni kengaytirishga intilayotgani ta’kidlangan.

Hujjatda O‘zbekistonning qadimiy Ipak yo‘li markazida joylashgani va bugungi kunda 100 milliondan ortiq iste’molchiga ega mintaqaga chiqish imkonini beruvchi strategik darvoza ekani qayd etilgan.

Sietlning biznes hamjamiyati bilan savdo, investitsiya, logistika, texnologiyalar va energetika sohalarida hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ham alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Sietl meri O‘zbekiston Bosh konsulxonasi faoliyati ikki tomon o‘rtasidagi uzoq muddatli insonlararo, biznes va hukumatlararo aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini bildirgan.

O‘zbekistonning Vashingtondagi bosh konsuli Ahror Burhonov ushbu qaror O‘zbekiston uchun katta sharaf ekanini ta’kidladi.

“Bu qaror nafaqat bayramimizga hurmat, balki O‘zbekiston va AQSHning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasi o‘rtasida shakllanayotgan yangi va istiqbolli munosabatlarning yaqqol ifodasidir. Sietlda Bosh konsulxonaning ochilishi bilan biz bu do‘stlikni aniq iqtisodiy, texnologik, ta’limiy va madaniy loyihalarga aylantirishni maqsad qilganmiz”, dedi u.

Burhonovning ma’lum qilishicha, 4-sentyabr kuni Sietlda O‘zbekiston Respublikasining AQSH G‘arbiy sohilidagi birinchi Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Tadbir O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlanadi. Unda Vashington shtati va Sietl shahri rahbariyati, diplomatik korpus, yirik AQSH kompaniyalari, akademik doiralar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Sietl AQSHning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasidagi yirik iqtisodiy, texnologik va savdo markazlaridan biri hisoblanadi. Katta Sietl mintaqasida 4,1 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Hudud iqtisodiyoti 2025-yilda qariyb 607 mlrd dollar hajmidagi yalpi hududiy mahsulot yaratgan.

Amazon va Starbucks kompaniyalarining bosh qarorgohlari Sietlda joylashgan. Microsoft, Costco Wholesale, T-Mobile va PACCAR ham mintaqada faoliyat yuritadi. Boeing, Google, Meta, Expedia Group va Alaska Airlines kabi global kompaniyalarning ham Sietl va uning atrofida yirik faoliyati mavjud.

Katta Sietl mintaqasidagi yetakchi ochiq aksiyadorlik kompaniyalarining jami daromadi 1,5 trln dollardan oshadi.