So‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda COVID-19’ning “Sikada” deb nomlanayotgan BA.3.2 shtammi tarqalayotgani ortidan xavotirlar kuchaydi. Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov vaziyatga izoh berdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, BA.3.2 shtammi yangilik emas — u ancha oldin aniqlangan bo‘lib, yuqori tezlikda tarqalmasligi bilan ajralib turadi. Shu sababli unga uzoq muddat “faollashmasdan” turishi mumkin bo‘lgan hasharot — “sikada” nomi berilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham hozircha ushbu shtamm jiddiy xavf tug‘dirayotgani haqida xulosa bermagan. Mutaxassislar uning boshqa variantlarga qaraganda xavfliroq ekanini tasdiqlovchi yetarli dalillar yo‘qligini qayd etmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Sikada” shtammi COVID-19ning “Omikron” turiga o‘xshash belgilar bilan kechadi. Jumladan:
- burun bitishi,
- yo‘tal,
- tomoq og‘rig‘i,
- qizarish,
- ba’zan hid va ta’m bilmaslik kabi alomatlar kuzatilishi mumkin.
Mutaxassislar qayd etishicha, ushbu shtammga kattalarga nisbatan bolalar ko‘proq chalinmoqda. Bu holat pandemiya davrida kattalarda shakllangan immunitet bilan izohlanadi, chunki ko‘pchilik emlangan yoki kasallikni boshdan kechirgan.
Shu bilan birga, surunkali kasalligi borlar, nafas yo‘llari xastaliklaridan aziyat chekayotganlar, immuniteti past va yoshi katta fuqarolar xavf guruhida qolmoqda.
Nurmat Otabekov virus o‘choqlari aniqlangan hududlardan qaytganlar bilan muloqotni cheklashni tavsiya etdi. Biroq uning ta’kidlashicha, “Sikada” shtammi epidemiya yoki pandemiyaga sabab bo‘lishi ehtimoli past.
Mutaxassis O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat barqarorligini, aholining qariyb 80 foizida jamoaviy immunitet shakllanganini qayd etdi.
“Yangi shtammlar haqida shov-shuvli xabarlar tarqatish to‘g‘ri emas. Xavotirlanish uchun asos yo‘q”, dedi u.