O‘zbekistonda sirtqi ta’lim shakli qonunchilikda saqlanib qolgan bo‘lib, ehtiyoj yuzaga kelgan taqdirda ushbu yo‘nalishga qabul qayta tiklanishi mumkin. Bu haqda 15-aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ma’lum qildi.

Vazirning aytishicha, sirtqi ta’limning butunlay bekor qilingani haqidagi xabarlar asossiz. Hozirgi bosqichda esa bu ta’lim shakliga ehtiyoj yuqori emas, deb baholanmoqda.
Uning tushuntirishicha, sirtqi ta’lim, asosan, ishlab chiqarish korxonalarida ma’lum mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar yetishmaganda yoki aniq talab yuzaga kelganda joriy etiladi. Agar 4–5 yil ichida shunday zarurat paydo bo‘lsa, ushbu yo‘nalishga qabulni qayta tiklash imkoniyati mavjud.
Qayd etilishicha, hozirda sirtqi ta’lim o‘rnini bosqichma-bosqich masofaviy ta’lim egallab bormoqda. Ishlayotgan fuqarolar uchun ish joyidan ajralmagan holda bilim olish imkoniyati aynan shu shakl orqali ta’minlanmoqda.
Shu bois, sirtqi ta’limga qabulning vaqtincha to‘xtatilgani ishlayotgan aholi uchun ta’lim olish imkoniyatlari cheklanganini anglatmaydi.