Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan “O‘zbekistonda superkontrakt to‘liq bekor qilindi” mazmunidagi xabarlarni rad etdi.

Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-sonli qarori bilan 2017-yil 20-iyunda qabul qilingan 393-sonli qaror o‘z kuchini yo‘qotgan. Aynan shu qarorga ko‘ra, kirish imtihonida 56,7 balldan kam ball to‘plagan abituriyentlarga oshirilgan miqdordagi superkontrakt asosida o‘qishga kirish huquqi berilar edi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, hozirgi kunda ushbu tartib bekor qilingan bo‘lib, endilikda to‘lov-kontrakt miqdori tabaqalashtirilgan holda belgilanadi. Jumladan:
- 1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — bazaviy to‘lov-kontraktning 1,5 barobari;
- 1,06 balldan 2,05 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,0 barobari;
- 2,06 balldan 3,05 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobari;
- 3,06 balldan 4,05 ballgacha yetmaganlar uchun — 3,0 barobari.
Qabul chegarasidan 4,05 balldan ortiq ball yetmagan abituriyentlarga esa oliy ta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan bazaviy kontraktning 3 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lov belgilanadi.
Shu tariqa, superkontrakt tizimi to‘liq bekor qilinmagan, balki uning amal qilish tartibi yangicha tabaqalashtirilgan mexanizm asosida davom ettirilmoqda.