London Qirollik kolleji olimlari ishtirokidagi xalqaro tadqiqot guruhi havodagi zaharli moddalarning uzoq muddat ta’siri muntazam jismoniy mashqlar samaradorligini sezilarli darajada pasaytirishini aniqladi. Tadqiqot natijalari BMC Medicine jurnalida chop etildi.
Tadqiqotda Buyuk Britaniya, Tayvan, Xitoy, Daniya va AQSHdan 1,5 milliondan ortiq katta yoshli insonlar qatnashgan. Ishtirokchilar o‘n yildan ortiq kuzatilgan, ularning jismoniy faollik darajasi va yashash hududidagi havo sifati baholangan. Ayniqsa PM2,5 – o‘pkaga chuqur kirib qon oqimiga o‘tishi mumkin bo‘lgan mayda zarrachalar konsentratsiyasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, haftasiga kamida 2,5 soat mashq qilganlarda jismoniy faollik barcha sabablarga ko‘ra erta o‘lim xavfini qariyb 30 foizga kamaytirgan. Ammo havosi iflos hududlarda bu foyda ancha pasaygan.
PM2,5 zarrachalarining o‘rtacha yillik miqdori 25 mkg/m³ dan yuqori bo‘lganda, mashqlar himoya ta’siri ikki baravarga yaqin kamayib, 12–15 foiz atrofida bo‘lgan.
Ifloslanish ko‘rsatkichi 35 mkg/m³ dan oshgan sharoitlarda esa jismoniy mashqlar foydasi yanada keskin pasaygani aniqlangan. Olimlarning ta’kidlashicha, dunyo aholisining taxminan uchdan bir qismi aynan shunday darajadagi havo ifloslanishida yashaydi.
London Qirollik kolleji professori Endryu Steptouning qayd etishicha, zaharli havo jismoniy mashqlarning salomatlikka ijobiy ta’sirini susaytirishi mumkin, biroq ularni butunlay samarasiz qilib qo‘ymaydi. Tadqiqotchilar daromad, ta’lim, chekish odatlari va surunkali kasalliklar kabi omillar ham tahlilga qo‘shilganini, bu esa xulosalarning ishonchliligini mustahkamlaganini aytmoqda.