15-iyuldan boshlab 2026–2027-o‘quv yili uchun talabalarning o‘qishini davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha onlayn arizalar qabuli boshlandi. Arizalar 5-avgustga qadar qabul qilinadi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qilishicha, joriy yildan boshlab hujjat topshirish tartibi soddalashtirilgan. Umumta’lim fanlari va chet tili bo‘yicha milliy sertifikatlar axborot tizimi orqali avtomatik aniqlanadi va ularni alohida yuklash talab etilmaydi.

Xalqaro sertifikatlar esa boshqa hujjatlar bilan birga elektron shaklda tizimga joylashtirilishi kerak.

Qaysi portal orqali murojaat qilinadi?

Talabalar o‘qishni ko‘chirish yoki tiklash turiga qarab ikki xil platformadan foydalanadi:

  • transfer.edu.uz — respublika ichida bir davlat OTMdan boshqasiga yoki bir OTM doirasida o‘qishni ko‘chirish hamda o‘qishni tiklash uchun;
  • my.uzbmb.uz — xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish uchun.

Kimlar o‘qishini ko‘chira oladi?

Prezident qaroriga muvofiq, respublika ichidagi davlat OTMlari o‘rtasida o‘qishni ko‘chirish faqat ayrim holatlarda amalga oshiriladi:

  • talaba oila qurib, turmush o‘rtog‘ining doimiy yashash joyidagi OTMga o‘qishini ko‘chirishni istasa;
  • davlat organi xodimining ish joyi o‘zgarganida uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandining o‘qishini ko‘chirish zarur bo‘lsa.

Qanday hujjatlar talab etiladi?

Davlat yoki nodavlat OTMdan boshqa davlat OTMga o‘qishni ko‘chirishda quyidagi hujjatlar elektron shaklda yuklanadi:

  • akademik ma’lumotnoma (transkript);
  • reyting daftarchasi yoki fanlar bo‘yicha baholar ko‘rsatilgan ma’lumotnoma;
  • uzrli sababni tasdiqlovchi hujjatlar.

Oila qurish asosida murojaat qiluvchilar nikoh guvohnomasi va turmush o‘rtog‘ining yashash joyi bo‘yicha ma’lumotnomani taqdim etadi. Ish joyi o‘zgargan holatlarda esa ish joyidan ma’lumotnoma hamda tegishli vazirlik yoki idoraning tavsiyasi talab qilinadi.

Xorijiy yoki nodavlat OTMlardan davlat universitetlariga o‘qishni ko‘chirishda talabgorning akademik salohiyati asosiy mezon hisoblanadi. Shu sababli xalqaro sertifikatlar ham tizimga yuklanishi kerak.

O‘qishni tiklashda nimalar talab etiladi?

O‘qishni tiklash uchun talaba ilgari qaysi asos bilan chetlashtirilganini tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomasi yoki buyruqdan ko‘chirmani taqdim etishi lozim.

Mutasaddilar o‘qish tiklangach, amaldagi o‘quv rejasiga qarab fanlar bo‘yicha akademik farqlarni topshirish talab etilishi mumkinligini eslatdi.

Ma’lumot uchun, 10-iyuldan boshlab ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish uchun ham hujjatlar qabuli boshlangan. Arizalar my.edu.uz platformasi orqali 10-avgustga qadar qabul qilinadi. Ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha ta’lim to‘liq to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.