O‘zbekistonda iqtidorli talabalar uchun Amir Temur nomli davlat stipendiyasini joriy etish taklif qilinmoqda. Tegishli tartib 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab amal qilishi mumkin.

Bu Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi loyiha bilan belgilangan.
Loyihaga ko‘ra, stipendiya davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarining oxirgi ikki kursida tahsil olayotgan talabalarga beriladi. Har bir oliy ta’lim tashkilotiga bittadan stipendiya ajratilishi taklif etilmoqda.
Stipendiyaga da’vogar a’lo baholarga o‘qishi, ilmiy yoki ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishi, konferensiya va tanlovlarda qatnashishi kerak. Shuningdek, u O‘zbekiston tarixi, davlat tili va kamida bitta xorijiy tilni bilishi talab etiladi.
Nomzodning bitiruv malakaviy ishi Amir Temur va temuriylar merosiga bag‘ishlangan bo‘lishi yoki shu yo‘nalishda kamida ikkita ilmiy ishi e’lon qilingan bo‘lishi lozim.
Tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilgan talabgorlar hujjatlarini har yili 5–15-sentabr kunlari my.edu.uz tizimiga yuklaydi. Stipendiya tayinlash bo‘yicha tavsiyanomalar 5–25-oktabr kunlari ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, nomli davlat stipendiyasi sohiblarini bakalavriatni tugatganidan keyin bir yil ichida magistraturaning kunduzgi ta’lim shakliga tanlovsiz, qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilish taklif etilmoqda.
Qaror loyihasi hozircha taklif sifatida ilgari surilgan.